Breaking News

Chorak asrlik rahbar Islom Karimov yana prezidentlikka nomzod


O'zbekiston rahbari Islom Karimov navbatdagi prezidentlik saylovida yana nomzod sifatida ishtirok etadigan bo'ldi. Karimov nomzodi O'zbekiston Liberal-demokratlar partiyasi tomonidan ko'rsatilgan.

Ma'lumki, prezidentlik saylovlari 2015-yilning 29-mart kuniga belgilangan. Qonunchilikka ko'ra, nomzodlar saylov boshlanishidan 65 kun oldin ko'rsatilishi va saylov kampaniyalari 20 kun davom etishi kerak.

Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, bir kishi ikki martadan ortiq prezidentlikka saylanishi mumkin emas. Shu oy 77 yoshini qarshilaydigan Islom Karimov mustaqil O'zbekistonning birinchi va yagona prezidentidir. U chorak asrdan beri davlatga rahbarlik qilib kelmoqda.

2011-yilda qabul qilingan qonunga ko'ra, prezidentlik muddati yetti yildan besh yilga o'zgartirilgan. Oxirgi marta prezidentlik saylovi 2007-yilda bo'lib o'tgan. Undan oldin esa 2000-yilda.

1989-yilda O'zbekiston Kommunistik partiyasining Birinchi kotibi etib tayinlangan Karimov 1990-yilda prezident maqomini olgan. Mustaqillikdan keyingi birinchi saylov 1991-yilning 29-dekabrida o'tgan. 1996-yilda o'tgan referendum Karimov rahbarlik muddatini uzaytirgan. 2000-yilgi saylovda esa yangi belgilangan yetti yillik muddatga saylangan. 2007-yilda bu lavozimga qayta saylandi.

Xalqaro hamjamiyat nazarida O'zbekiston tarixida biror marta erkin va adolatli saylovlar o'tkazilmagan. Respublika avtoritar, yakkahokimlikka asoslangan tuzum hisoblanadi. O'zbekiston a'zo Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, shuningdek, respublikaning G'arbdagi hamkorlari hukumatni demokratik qadamlar tashlashga undab keladi.

Lekin Islom Karimov so'zlariga ko'ra, O'zbekiston o'z demokratik taraqqiyot yo'lini belgilagan va tashqi dunyo uning ichki ishlariga aralashmasligi kerak.

Oliy Majlisdagi so'nggi chiqishida Karimov mamlakat misli ko'rilmagan yutuqlarga erishdi deya da'vo qildi. Uningcha, O'zbekistondek bo'lishni havas qiladigan davlatlar dunyoda juda ko'p.

Xalq Demokratik partiyasidan prezidentlik uchun nomzod Xatamjon Ketmonov
Xalq Demokratik partiyasidan prezidentlik uchun nomzod Xatamjon Ketmonov

Ayni paytda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi prezidentlik uchun Xatamjon Ketmonov nomzodini e’lon qildi. 45 yoshli Ketmonov asli andijonlik, 2013-yilning aprelida partiya markaziy kengashi raisi etib saylangan.

Shuningdek, O'zLiDep O‘zbekistonning amaldagi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevni yana hukumat rahbarligiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Mirziyoyev bu vazifani 2003-yildan beri egallab kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG