Breaking News

Karimov Moskvada: Bugungi hamkorlik, Rossiya manfaatlati va Afg'oniston


Moskva, 26-aprel, 2016
Moskva, 26-aprel, 2016

Moskvada Rossiya va O’zbekiston rahbarlari muzokara o’tkazgan. Vladimir Putin va Islom Karimov (VIDEO) hamkorlikni rivojlantirishga doir bir nechta hujjatlar imzolagan. Mintaqa va xalqaro miqyosdagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan. Rossiya prezidenti taklifiga ko’ra amalga oshgan bu tashrif Islom Karimovning G’arb va Moskva o’rtasida muvozanat saqlash siyosatini yana bir bor sinovdan o’tkazmoqda.

Karimov va Putin uchrashuvi 25-aprel kuni norasmiy muloqot bilan boshlangan, 26-aprelda o’tgan rasmiy uchrashuvda esa siyosiy aloqalar, iqtisodiy hamkorlik, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi munosabatlar muhokama qilingan.

Karimovning aytishicha, norasmiy shaklda o’tgan ochiq, yuzma-yuz suhbat samarali kechgan va ikki o’rtada muhokama qilinishi lozim mavzular ko’pligi, pozitsiyalarni solishtirish zarurligini ko’rsatgan.

Putin ham muloqotdan mamnun, mintaqaviy va xalqaro masalalar xususida gaplashib olganini bildirdi.

O’zbekistondan Rossiyaga eksport qilinayotgan meva-sabzavotlar hajmi o’sgani alohida ta’kidlab o’tildi. Federatsiya hozirda respublikaning ikkinchi eng yirik savdo hamkori. Birinchi o’rinda Janubiy Koreya bo’lishi mumkin.

Rahbarlar Markaziy Osiyo xavfsizligi va Afg’oniston muammosiga ko’proq e’tibor qaratdi. O’zbekiston prezidenti nazarida notinch o’lkada barqarorlikka erishish uchun Kreml bilan yaqindan ishlash kerak. Rossiya mintaqada o’z manfaatlariga ega ekani aniq, deydi Karimov, shu bois ham afg’on zaminida tinchlik o’rnatish uchun muzokaralarni yangidan boshlab, Rossiya bilan birganlikda yechim topish lozim.

Moskva, 26-aprel, 2016
Moskva, 26-aprel, 2016

Tomonlar o’rtasidagi siyosiy aloqalar rasman ittifoqchilik maqomiga ega. Bu borada 10 yil oldin bitim imzolangan.

Biroq O’zbekiston Rossiyaga nisbatan bir qadar mustaqil siyosatga egaligi bilan ajralib turadi. Toshkent Moskva yetakchiligidagi tashkilotlardan yiroqlashgan va ularga qayta kirish niyatida emas. Bu esa respublika G’arbga nisbatan og’ib bormoqda deya talqin qilinadi. O’zbekiston rasmiylari buni inkor etib, mamlakat o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda siyosat olib borqmoda, deydi.

Kreml doirasidagi ekspertlar fikricha esa sobiq ittifoq davlatlari Moskva va Vashington orasida turli o’yinlarni yig’ishtirib, bir to’xtamga kelishi kerak.

Karimov Rossiya bilan harbiy hamkorlikka urg’u berib, O’zbekiston armiyasini Rossiya harbiy texnikasi evaziga modernizatsiya qilishga doir yirik shartnoma imzolanishi mumkin degan xabarlar bor.

Bir paytning o’zida O’zbekiston Amerikaga ham shunday murojaat bilan chiqqan. Yil boshida Vashingtonda, xususan Pentagonda kechgan muzokaralarda respublika qurolli kuchlari malakasini oshirish, zarur vositalar bilan ta’minlash haqida gaplashilgan.

Moskva, 26-aprel, 2016
Moskva, 26-aprel, 2016

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan o’zbek ziyolisi Safar Bekjon:

“Karimov agar 10 milliardga G’arbdan qurol sotib olsam, shuni 5 millardiga Rossiyadan olishga majburman deb o’ylaydi. Bu bir tomondan qurol-yarog’ga mutlaqo ega bo’lmaslik uchun, ikkinchi tomondan bo’lsa, AQSh va Rossiya o’rtasida balansni ushlab turishi kerak. Bundan tashqari Rossiya hozir izolyatsiyada, Karimov bundan foydalanib O’zbekiston mahsulotlarini Rossiyada ko’paytirishga ham harakat qiladi, chunki qurol-yarog’ uchun sarflangan pulni chiqarish kerak”.

Karimovning Rossiyaga safari yuzasidan rus matbuotida bildirilgan ayrim mulohazalarda AQShdagi tekshiruvlar, prezident qizi Gulnora Karimovani sudga tortish haqida chiqqan so’nggi ma’lumotlar O’zbekiston uchun xavotirli deya talqin qilinadi. Toshkent bu borada lom-mim demay keladi. Putin va Karimo bu ishlar haqida gaplashgani haqida biror ma’lumot yo’q.

Markaziy Osiyoda geosiyosiy to’qnashuvlar kuchaygan, xususan turli iqtisodiy va harbiy ko’rinishdagi tashkilotlar misolida Moskva o’z qudratini oshirishga urinar ekan, mintaqa davlatlarida tashqi siyosatdagi tanlov imkoniyati torayib bormoqda, deya siyosiy tahlilchilar.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG