Qirg’izistondagi ahvol haqida AQSh, Rossiya va qirg’izistonlik olimlar, arboblar fikridan bir shingil:
Rossiya uchun bu krizis mintaqada ta'sir doirasini kuchaytirish uchun qulay imkoniyat
Jorj Meyson Universiteti professori Erik Makglinchi (Eric Mcglinchey):
“Afsuslanarli va kinoyali jihati shuki, Rossiya uzoq yillar Qirg’izistonni o’z manfaatlari zonasi deb bilar edi. Lekin Qirg’iziston jiddiy tanazzul bilan yuzlashgan payt Rossiya o’zini qanday tutdi? Kant harbiy bazasini himoya qilish uchun qo’shin jo’natdi! Holbuki baza bunday yordamga umuman muhtoj emas".
"Tushunaman, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev va AQSh rahbari Barak Obama Qirg’iziston bobida ehtiyot bo’lib qadam tashlashga harakat qilmoqda, siyosiy manfaatlarga ziyon qilmaslik uchun. Lekin Rossiya regionda ta’sir doirasini saqlab qolmoqchi bo’lsa, Qirg’izistondagi krizis buning uchun qulay imkoniyat. Masalan, AQSh va Rossiya askarlarini oladigan bo’lsak, Qirg’iziston xalqi rus zobitlarini hurmat va xohish bilan kutib olgan bo’lar edi. Moskvaning tinchlikparvar jo’natmaslik qarorini tushunish qiyin”.
Xavfsizlik organlariga endi malakali kadrlar tayinlanmoqda
“Vremya novostey” gazetasi muxbiri Arkadiy Dubnov:
“Rossiya qo’shinini kiritish masalasi bir necha kun oldin dolzarb edi – Qirg’iziston yordam so’rab turgan paytda. Hozir esa yuzlab odamlar o’lib bo’ldi. Qirg’in va zo’ravonlik to’lqini hozir ancha pasaydi. Sabablar esa ikkita. Birinchidan bandit guruhlar shashti, jazavasidan tushmoqda. Ikkinchidan, Qirg’iziston hukumati samaraliroq harakat qila boshladi, deylik, kadrlar tayinlash masalasida. O’sh shahrida komendant lavozimlarida harbiy qo’mondonlar Qurbatbek Baybolov va Omurbek Suvanaliyev tayinlandi. Vaziyat o’nglanar ekan, muvaqqat hukumat vakillari orasida rus qo’shini kirishiga qarshi chiqayotganlar ham paydo bo’lmoqda”, - deydi Dubnov.
“Menimcha, Moskva harbiy jo’natmayotgani birinchi navbatda O’zbekiston prezidentining e’tirozi bilan bog’liq. Markaziy Osiyoda Rossiya qo’shini joylashishiga Toshkent hamisha qarshilik bildirib kelgan. Eslatib o’tmoqchiman, 1999 yilda Kreml Tojikistondagi 201-diviziyani harbiy bazaga aylantirganida O’zbekiston prezidenti Islom Karimov qat’iyan qarshi chiqqan. Natijada Toshkent MDH davlatlaridan iborat Kollektiv Xavfsizlik Tashkilotidan chiqib ketdi. Bugun ham O’zbekiston hukumatining pozitsiyasi deyarli o’zgarmagan”, - deydi Dubnov.
“E’tiborli jihati, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitidan qaytgach, prezident Islom Karimov bilan telefon orqali yana ulangan va Qirg’izistondagi ahvolni muhokama qilgan. Medvedevning boshqa rahbarlar bilan muloqoti haqida bundan boshqa ma’lumot yo’q”, - deydi “Vremya novostey” gazetasi muxbiri.
O'zbeklar ketar ekan, Qirg'izistonda demografik balans o'zgara boshlaydi
Sietl Universiteti professori Skott Radnits (Scott Radnitz):
“Bugun Qirg’iziston janubidagi zo’ravonlik qanday va nima sababdan boshlangani haqida aniq gap aytish qiyin. Matbuotda ikki xil versiya tez-tez quloqqa chalinadi. Birinchisi – konflikt tashqi kuchlar ig’vosi. Ikkinchisi – bu qirg’in prezident Qurmanbek Bakiyev tarafdorlari – qirg’izlar va muvaqqat hukumatni qo’llab-qubbatlaganlar – o’zbeklar o’rtasidagi adovat”.
“Men birinchi taxminga uncha ishonmayman, chunki favqulodda vaziyatlarda odamlar odatda hamma aybni ajnabiy kuchlarga to’nkaydi. Ikkinchi taxmin-ku undan ham asossiz. Menimcha, aslida gap qirg’iz va o’zbeklar o’rtasidagi azaliy, etnik ziddiyat, ixtilofda”, - deydi Radnits.
“Yaqin kelajakda bir ssenariy ro’y berishi ehtimoldan xoli emas: Qirg’izistondagi o’zbeklar bu o’lkada o’zini xavfsiz his qilmagani bois qo’shni davlatlarga qocha boshlaydi. Natijada Qirg’izistonda demokgrafik muvozanat o’zgaradi. O’z navbatida O’zbekiston qochqinlarni qabul qilsa, dunyo miqyosida o’z qiyofasi, obro’sini tiklab olishi mumkin. Toshkent bu imkoniyatdan foydalanib, o’zining nomini yaxshilab oladi. 1990-yillarda O’zbekiston Tojikistondagi fuqarolik urushini to’xtatishga yordam berib, nom qozongani singari”, - deydi Skott Radnits.
Otunbayeva odamlarni kasbiy uquviga qarab emas, siyosiy pozitsiyasiga qarab tayinlab, xato ish qildi
Qirg’iziston muvaqqat hukumati sobiq rasmiysi, “Ay-Kol” partiyasi rahbari Edil Baysalov:
“Xavfsizlik, xavfsizlik, xavfsizlik – prezident Roza Otunbayeva bilan ishlar ekanman, mana shu haqda bot-bot uqtirar edim. Lekin shu paytgacha u biror qo’mondonni muvaqqat rahbariyat safiga jalb qilmadi. Kadrlar tayinlash siyosatini Otunbayeva emas, boshqa siyosatchilar hal qilmoqda. Siyosiy pozitsiya nuqtai nazaridan yondashilmoqda bu masalada, kadrlarning professional qobiliyati, malakasiga qarab emas".
"Menimcha, xavfsizlik organlaridan ishlayotgan kishilar, jumladan O’sh meri Melis Mirzaxmatov kabi krizis paytida o’ta sust harakat qilgan odamlar o’z xohishi bilan ketishi kerak. Yoki Otunbayeva ularni ishdan haydasin. Qirg’iziston muvaqqat hukumati xalqning xohish-istaklarini inobatga olishi kerak”, - deydi Baysalov.