Hindiston Kashmirning o’ziga qarashli hududi muxtoriyatini bekor qilishi ketidan bu o’lkaga da’vo qilayotgan Pokiston Hindistonning Islomoboddagi oliy komissari Ajay Bisariyani mamlakatdan haydamoqda, qo’shni davlat bilan diplomatik aloqalarni, savdoni susaytirmoqda.
Pokiston parlamenti Dehli harakatini “bir tomonlama” deb, uni qoralovchi rezolyutsiya qabul qildi. Qonunchilar, shuningdek, Hindiston hukumatidan Kashmirda joriy etilgan to’siqlarni bekor qilishni talab qilmoqda. Hududda internet va uyali aloqa o’chirilgan, markaziy joylar simli tikanlar bilan to’silgan, harbiylar vaziyatni nazorat qilmoqda.
Kashmirga da’vo qilayotgan Xitoy ham Hindistonning, asosan, musulmonlar yashovchi Jammu va Kashmir viloyatini muxtoriyatdan mahrum qilib, uni ikkiga bo’lib qo’yish qaroriga norozilik bildirdi.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Pokiston hukumati qaroridan afsusda ekanini bildirib, Jammu va Kashmir bo’yicha qarorlar Hindistonning ichki ishi ekanini ta’kidladi.
Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning aytishicha, hind hukumatining Kashmirni maxsus maqomdan ayirishi ikki davlat o’rtasida urushga va Himolay mintaqasida yashovchi musulmonlarning etnik tozalanishiga sabab bo’lishi mumkin.
7-avgust kuni Hindiston parlamenti hukumatning Kashmir muxtoriyatini bekor qilish qarorini ma’qulladi. Bundan tashqari, qonunchilar shtatni bo’lishga qaratilgan qonun loyihasini ham qabul qildi.
Yangi qonunga ko’ra, Kashmir federal hukumat tomonidan boshqariluvchi ikkita ma’muriy hududga bo’linadi. Birinchisiga, asosan, musulmonlar yashovchi Kashmir vodiysi va hindular ko’pchilikni tashkil etuvchi Jammu tumani kiradi, ikkinchisiga esa buddistlardan iborat Ladakx mintaqasi.
Hindiston Konstitutsiyasiga ko’ra, Jammu va Kashmir shtati 1950-yillardan beri to’liq muxtoriyatga ega bo’lgan; shtat qonunchilik kengashi aloqa, mudofaa, moliya va tashqi siyosatdan boshqa masalalarda o’z qonunlarini yaratishga haqli edi. Hind fuqarolarining Kashmirda yer sotib olishiga ruxsat yo’q edi. Bundan keyin markaziy hukumat notinch hudud ustidan to’liq nazoratni qo’lga oladi, Hindiston qonunlari to’liq kuchga kiradi.
Facebook Forum