Breaking News

Qozog'iston Rossiya bilan hududiy muammosi yo'qligini aytmoqda


Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev (chapda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin
Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev (chapda) va Rossiya prezidenti Vladimir Putin
Mart oyida Qrimning Rossiyaga qo’shib olinishi chegaradosh Qozog’istonda xavotirlarga sabab bo’ldi. Ayrimlar Kremlning Qozog’iston shimolidagi hududlarga ko’z olaytirishi mumkinligidan cho’chidi. Ammo Vashingtonga tashrif buyurgan bu mamlakat tashqi ishlar vazirining o’rinbosari xavotirlarning asossiz ekaniga ishontirdi.

Ukrainada o’tgan yil kuzida boshlangan hukumatga qarshi namoyishlar shiddatli tus olib, fevral oyida prezident Viktor Yanukovich mamlakatdan qochishga majbur bo’ldi. Qo’shnisi Yevropaga yaqinlashsa NATO ning kengayishidan xavotirga tushgan Rossiya Ukraina tarkibidagi Qrimni “asl rus yeri” deb o’ziga qo’shib oldi.

Ayrimlar prezident Vladimir Putinning bu siyosatini Sovet Ittifoqini tiklash harakati sifatida talqin qilib, “asl rus yerlari” bo’lgan boshqa hududlarning ham shu siyosat doirasida tortib olinishi mumkinligiga ishora qildi. Rossiyadagi ayrim siyosatchilarning o’ylamay aytgan gaplari bu xavotirlarni yanada kuchaytirdi.

Masalan, Xakasiya Oliy kengashi raisi Vladimir Shtigashevning ikki oy oldin Qozog’iston shimoli Rossiyaga qaytarilishi kerak deb aytgan gapi ham respublika, ham Rossiyadagi siyosatchilarni junbushga keltirgan edi. Uning aytishicha, Sovet Ittifoqining ilk yillarida Rossiyaning besh oblasti Qozog’istonga hadya qilingan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Shtigashevning so’zlarini keskin tanqid qilib, uning bu masalada fikr bildirishga vakolati yo’qligini ta’kidladi.

AQShdagi ayrim tahlilchilar ham Rossiya bilan 7 500 kilometrlik chegaraga ega Qozog’istonda “Qrim ssenariysi”ning takrorlanishi haqida ogohlantirmoqda.

Biroq Rossiya bilan ba’zi tashkilotlar doirasida aloqalarini tobora kuchaytirib borayotgan rasmiy Ostona bunday gaplarga e’tibor berayotgani yo’q. Qozog’iston tashqi ishlar vazirining o’rinbosari Yerzhan Ashikbayev shu hafta Vashingtonda bo’lganida undan shu mavzuda fikr bildirishni so’radik.

"Ayni damda Rossiya-Qozog’iston chegarasini demarkatsiya qilish jarayoni ketmoqda, ya’ni chegara ustunlari o’rnatilmoqda. Qozog’iston hukumati va xalqi Rossiyadagi ayrim arboblar bayonotlarini qo’llab-quvvatlamaydi. Ostona va Moskvada rossiyalik hamkorlarimiz bilan bu mavzudagi muloqotimizdan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi va shaxsan vazirining bayonotidan shunday xulosaga keldikki, ikki davlat o’rtasida hududiy muammo yo’q", - dedi Ashikbayev.

Qozoq rasmiysiga ko’ra, ayrim siyosatchilar masalani bo’rttirib ko’rsatmoqchi.

Qozog’iston tashqi siyosatda serqirra munosabatlar tarafdori ekan, Rossiya bilan ham, G’arb va Osiyo mamlakatlari bilan ham birday aloqa qiladi. Biroq aytish joiz, Rossiya bilan munosabatlar jadalroq rivojlanmoqda. Masalan, Ostona Minsk va Moskva bilan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqini tuzdi. Kelajakda bu hudud doirasida umumiy pul birligini muomalaga kiritish rejasi bor.

Ayrim tahlilchilar nazarida Qozog’iston Rossiyaning kelajakda siyosiy da’volaridan cho’chigani uchun ham u bilan yaqinlashishga, aytganini qilishga majbur. Bunday mutaxassislar Rossiyani yangi ittifoq tepasida, qolgan a’zolarni esa unga qaram holatda ko’radi.

Biroq Qozog’iston tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Yerzhan Ashikbayevning aytishicha, mintaqaviy integratsiya davlatlarni kuchaytiradi. Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi a’zolari teng huquqli bo’lib, bu barchasi uchun katta imkoniyat, deydi u.

"Hozir Qozog’iston iqtisodiyoti 10 baravar kengaydi. Uch davlat ishtirokidagi umumiy iqtisodiy hudud barcha uchun teng sharoit yaratadi, jumladan qozog’istonlik tadbirkorlar uchun. Ular rivojlanadi, yangi bozorlarni o’zlashtiradi. Bizning biznes 16-17 millionlik bozordan 200 million kishilik bozorga chiqmoqda", - deydi Ashikbayev.

Qozog’iston rasmiysi kelajakda ittifoqning kengayishidan umidvor. Qirg’iziston, Tojikiston, Armaniston unga qiziqish bildiryapti. Ashikbayev mintaqaviy integratsiya foydasini global integratsiyanikidan ustun qo’yadi.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqidan cho’chimaslik kerak. Chunki u yillar davomida amalga oshmagan Markaziy Osiyo integratsiyasiga o’z doirasida turtki berishi mumkin.

Shunga qaramay ittifoq qaysi tomonga ketishi haqida turli fikr va xavotirlar mavjud. Markaziy Osiyo bo’yicha vashingtonlik tahlilchi Marta Bril Olkot ham Qozog’istonda “Qrim ssenariysi” qo’llanishi mumkinligini aytmoqda, ammo, deydi u, davlat tepasida Nursulton Nazarboyev turguncha, bunday bo’lishi ehtimoldan xoli.
  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG