Bugun Qozog’istonda motam. Namoyishlarda nobud bo’lganlar xotirlanmoqda. Tartibsizliklar markazi – Almatida hayot normal holatga qaytmoqda. Ko’chalar tozalanmoqda, ayrim do’konlar ochilgan, jamoat transporti va avtomobillar qatnovi tiklangan, internet bir necha soat ishlagani aytilmoqda.
Shahar hokimiyatining yoqib yuborilgan binosi xavfsizlik kuchlari nazoratida, politsiya nazorat punktlari o’rnatib, avtomobillarni tekshirmoqda.
Rus va qozoq matbuotiga ko’ra, so’nggi bir haftada 164 odam o’lgan.
Tartibsizliklarni terrorchilardan ko’rgan Qozog’iston Prezidenti Qosim-Jo’mart To’qayev yagona markazdan boshqarilgan davlat to’ntarishining oldi olingani haqida ma’lum qildi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining majlisida onlayn shaklda so’zlagan To’qayevning aytishicha, mamlakatda tartib tiklangan, terrorchilar qidirilmoqda, 8000 odam hibsda, ularning zo’ravonliklarga aloqadorligi aniqlanmoqda.
Bir hafta oldin suyultirgan gaz narxlarining oshishiga qarshi boshlangan namoyishlar siyosiy tus olib, To’qayev va 81-yashar birinchi prezident Nursulton Nazarboyevga qarshi qaratildi.
Davlat rahbariga ko’ra, aksilterror amaliyot tugashi bilan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining 2030 nafar qo’shini mamlakatni tark etadi.
Aholining bir qismi xorijiy kuchlarning Qozog’istontga kiritilganiga keskin norozilik bildirishiga qaramay, To’qayev ularni taklif etish qarorini himoya qildi, missiyaga ishonchsizlik va shubhalar ma’lumot yetishmasligidan ekanini, sodir bo’lgan voqealar bo’yicha yaqinda dalillar taqdim etilishini aytdi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining onlayn majlisida so’zlagan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog’istondagi zo’ravonliklarda ichki va tashqi kuchlarni ayblab, tashkilot a’zo davlatlarda rangli inqiloblarga yo’l qo’ymaydi, dedi.
"Qozog’istondagi voqealarning mamlakatlarimiz ichki ishlariga aralashishga qaratilgan birinchi va oxirgi urinish emasligini yaxshi tushunamiz”, - dedi Putin.
Uning aytishicha, tashkilot kuchlari To’qayev istagiga qarab mamlakatdan chiqariladi.
"Qozog'iston davlatchiligiga tahdid yonilg'i narxlari bilan bog'liq stixiyali norozilik va namoyishlar tufayli yuzaga kelgani yo’q. Buzg'unchi ichki va tashqi kuchlar vaziyatdan foydalanishga harakat qilgani uchun shunday bo’ldi", - dedi Putin.
1998-yilda mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan sobiq bosh vazir Akejan Kajegeldinning aytishicha, Qozog’istondagi qonli voqealar hokimiyatni qo’ldan boy bergan kuchlarning To’qayevga qarshi harakati natijasidir.
Kajegeldinga ko’ra, To’qayev Nazarboyev soyasidan chiqish harakatida hokimiyatni butunlay qo’lga olishga qadam qo’ydi, biroq Nazarboyevning badavlat va qudratli tarafdorlari uni hokimiyatdan ag’darishga urindi.
"Umid qilamanki, Qozog’istonda Nazarboyevdan keyin yangi davr boshlandi. Uni “To’qayev davri” deb atamayman, chunki bu To’qayevning davlat tepasida bo’lishiga to’g’ri keldi. Hozir ijroiya hokimiyat butunlay uning qo’lida, To’qayev undan qanday foydalanishi savol ostida”, - dedi Kajegeldin.
Korrupsiyada ayblanib, hozir Britaniyada yashayotgan sobiq bosh vazirning aytishicha, To’qayev tez harakat qilib, zo’ravonliklar ortida turganlarni sudga tortishi, ularning xorijdagi mulklarini mamlakatga qaytarishi, xalq talabiga quloq solib, islohotlar o’tkazishi kerak.
Facebook Forum