Breaking News

"Islomiy davlat": Kenji Goto, yapon jurnalisti, qatl etildi


Yaponiya ekstremistlar qo'lida o'lgan o'g'loni uchun motamda
Yaponiya ekstremistlar qo'lida o'lgan o'g'loni uchun motamda

"Islomiy davlat" qo'lidagi yapon jurnalistini qatl etganini bayon qildi. O'tgan hafta ham bir yapon mahbusning kallasi olingan edi.

Ekstremistlar ular evaziga Tokiodan 200 million dollar talab qilgan. Birinchi yapon mahbus Xaruna Yukava o'ldirilganidan keyin shart o'zgardi.

"Islomiy davlat" yapon jurnalisti Kenji Goto va iordan uchuvchisi Muat Kasaisbiy uchun Ummondan hisbdagi iroqlik "jihodchi" Sojida al-Rishaviyni qo'yib yuborishni talab qildi. Iordan hukumati esa avval asirlar, xususan Kasaisbiy tirik ekani isbotlansin deya javob berdi.

Bu muzokaradan ikki kun o'tib, Goto o'ldirilganini ko'rsatuvchi video chiqarilgan. Unda niqob kiygan jangari ingliz tilida la'natlar aytib, mahbusning bo'yniga pichoq tortish arafasida turgani ko'rsatiladi. Keyingi tasvirda esa asirning tanasidan judo qilingan boshi aks etadi.

Oq uy Yaponiya xalqiga hamdardlik bildirmoqda. Prezident Barak Obama va Davlat kotibi Jon Kerri o'z bayonotlarida bu davlatni yaqin ittifoqchi, mehr-muhabbat makoni va har tomonlama bardam jamiyat deya ta'riflladi.

Tokioda Bosh vazir Shinzo Abe "Islomiy davlat" kallakesar, qonxo'r kuch ekanini yana bir bor isbotladi, deydi. Uning ma'muriyati hozir keyingi qadamlarni muhokama qilmoqda.

Kenji Goto jangarilar qo'liga o'tgan yili tushgan. Vatandoshi Xaruna Yukavani jangarilardan qutqaraman deb borib, 2014-yilning oktabrida o'zi ham g'oyib bo'lgan. Muat Kasaisbiy esa 2014-yilning dekabr oyida, samolyoti Suriyada qulaganida asirga olingan.

Sojida al-Rishaviy 2005-yilda Iordaniyada terrorizmda ayblanib qamalgan va o'limga loyiq topilgan. Turmada oliy jazo ijro etilishini kutib o'tiribdi.

Kenji Goto Yaponiyada tanilgan jurnalist va hujjatli film ustasi edi. Urush maydoniga u jabrdiydalar taqdirini yoritish uchun borgan. Xavfga qaramay shunga bel bo'glagan edi, deydi yaqinlari. G'arblik emasligi uchun o'zini tahdid ostida sezmagan. Jang maydonidagi odamlar dardini eshitaman deb o'zi ham qurbon bo'ldi, deydi rafiqasi Rinko. U va jurnalistning onasi bir necha kundan beri "Islomiy davlat" ga iltijo qilib, begunoh inson hayotiga rahm qilishni so'rab kelayotgan edi.

Amerika hukumati pozitsiyasi shuki, terroristlar bilan muzokara qilinmaydi. Ularni faqat qirish kerak; bu guruhga boradigan yordam va moliya qo'llarini yopish kerak va uning safini to'ldirishga urinayotgan yoshlarni bu yo'ldan qaytarish lozim. Dunyo bir yoqadan bosh chiqarib, xalqaro koalitsiya sifatida chora ko'rish lozim, deydi prezident Barak Obama.

Yaponiya bu ittifoqning bir qismi. "Islomiy davlat" dan aziyat chekkan aholiga yordam uchun 200 million dollar ajratmoqda. Kelasi yillar ichida esa Yaqin Sharq taraqqiyoti, qashshoqlikni yengish, qayta qurish ishlari uchun 2,5 milliard dollar sarflashga bel bog'lagan. Shinzo Abe yaqinda Misr, Iordaniya va Falastinda bo'lib bu rejalar haqida gaplashgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG