Payshanba kuni Keniyaning Garissa universitetida terror xuruji qilib, 148 kishini o'ldirgan al-Shabab guruhi hujumlar davom etadi deya ogohlantirmoqda.
"Hech qanday chora bizni to'xtata olmaydi. Qancha qon to'kishga qodir ekanimizni tasavvur ham qila olmaysiz, shaharma-shahar dodingizni beramiz", - deya e'lon qilmoqda bu to'da.
Keniya Ichki ishlar vaziri Jozef Nkaisseri uch kishi hibsda deydi.
"Hozirgacha besh kishi qo'lga olindi, uch nafari bugun. Tekshuriv davom etmoqda, hukumat qarab turgani yo'q".
Ikki kun oldingi xurujda o'lganlarning kimligi aniqlanmoqda. Hujum qilganlardan to'rt nafari ham halok bo'lgan.
Talabalarning yaqinlari morg oldida turib, marhumlarning kimligini eshitishni kutmoqda.
Al-Shabab Garissa universitetiga darslar ketayotgan paytda bostirib kirgan. Nasroniy talabalarni birma-bir otgan, musulmonlarning ayrimlarini qo'yib yuborgan.
15 soat davom etgan operatsiya oqibatida 500 talabaning hayoti saqlab qolingan.
143 studentni esa asrab qololmadik, deydi Keniya parlamenti a'zosi Mohammad Dohiy "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
AQSh Keniya xalqiga hamdardlik bildirib, yordam taklif qilmoqda. Prezident Barak Obama bu davlat rahbari Uuru Kenyatta bilan telefonda gaplashgan. Obama kelayotgan iyul oyida Keniyaga safar qiladi. Prezidentning otasi keniyalik bo'lgan va u yerda hali ham qarindoshlari bor.
Nayrobi rasmiylarining aytishicha, al-Shababning yetakchi a'zosi va so'nggi hujum ortida turgani gumon qilingan Muhammad Kunoni tutishda yordam bergan tomon 220 ming dollar mukofot oladi. Kuno Keniyadagi teraktlarga mas'ul shaxs, deydi mutasaddilar.
Al-Shabab qo'shni Somalida asoslangan va maqsadi butun mintaqani o'z ichiga olgan islomiy tuzum barpo etish.
Bu guruh 2013-yilda Nayrobidagi katta savdo markaziga hujum qilib, 60 dan ortiq odamni o'ldirgan.
Al-Shabab al-Qoida terror tizimining hamkori va 2006-yildan beri Somali hukumati bilan olishib keladi. Keniya Somali davlatini quvvatlayotgani uchun ham al-Shabab nishonida.
Nayrobi universiteti va boshqa gavjum oliygohlarda xavfsizlik choralari oshirilgan.