AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bugun Birlashgan Arab Amirliklarida Abu-Dabi valiahdi shahzoda Shayx Muhammad bin Zayid al-Nahyon bilan uchrashib, Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi.
Kerrining aytishicha, Qo'shma Shtatlarning "Islomiy davlat"ga qarshi strategiyasi harbiy, aksilterror va diplomatik harakatlarni kuchaytirishdan iborat.
Unga ko'ra, Fransiya, Livan, Misrdagi terror xurujlarini uyushtirganlar "Islomiy davlat"ning Iroq va Misrdagi harakatlaridan ilhomlangan.
"Yaqin kunlarda koalitsiya bu ikki mamlakatda hujumlarini kuchaytiradi", - deydi Kerri.
Suriya kelajagi bo'yicha yaqinda Venada o'tgan tashqi ishlar vazirlari majlisida amirliklar vakili ham qatnashgan. Tomonlar BMT vositachiligida yanvar oyigacha Suriya hukumati va muxolifati o'rtasida muloqot uyushtirishga umid qilmoqda. 2014-yilda ikki bor o'tkazilgan muzokaralar natija bermadi.
Amirliklar samolyotlari AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya tarkibida Suriyada "Islomiy davlat" jangari guruhini nishonga olib kelmoqda.
Kerri shu hafta Isroil va G'arbiy Sohilga borib, Isroil va Falastin rahbarlari bilan uchrashishni ham rejalagan.