Breaking News

AQSh va Markaziy Osiyo vazirlari Samarqandda qo'shma bayonot qabul qildi


Bugun Samarqandda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri hamda Markaziy Osiyoning besh davlatidan tashqi ishlar vazirlari qo'shma bayonot qabul qildi.

Unda aytilishicha, mamlakatlar bir-birlarining mustaqilligi, hududiy daxlsizligi, suverenitetini hurmat qilgan holda regional savdo, transport va aloqa, energetika, tranzit sohalarida o'zaro manfaatli hamkorlikni yaxshilashga harakat qiladi.

Vazirlar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy sarmoyalarni jalb qilish hamda mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun biznes muhitni yaxshilashga, AQSh bilan hamda Markaziy Osiyo ichida biznes va sarmoya aloqalarini kengaytirish va kuchaytirishga kelishib oldi.

Mamlakatlar toza energiya va yashil texnologiyalarni rivojlantirish hisobiga iqlim o'zgarishiga qarshi hamkorlik qilish, terrorizm, ommaviy qirg'in qurollarini olib o'tish, qoradori va inson savdosi kabi tahdidlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish majburiyatini ham oldi.

Vazirlar gumanitar sohada hamkorlikni kuchaytirishga, mintaqa aholisi orasida bordi-keldini yaxshilashga, ta'lim, madaniy va biznes sohalarida almashinuv dasturlarini kengaytirishga ham kelishdi.

Qo'shma bayonotga inson huquqlari, demokratik institutlar va amaliyotni rivojlantirish, fuqarolik jamiyatini kuchaytirish, xalqaro qonun tamoyillariga rioya qilish zarurati ham kiritildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG