Breaking News

Kerri Misrda fuqarolik jamiyatiga qo'yilgan to'siqlardan xavotir bildirdi


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (markazda) Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy (o'ngda) bilan, Qohira, Misr, 13-oktabr, 2014-yil.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (markazda) Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy (o'ngda) bilan, Qohira, Misr, 13-oktabr, 2014-yil.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Qohirada Misr Prezidenti bilan uchrashib, Isroil-Falastin mojarosi hamda "Islomiy davlat"ga qarshi kurash masalasini muhokama qildi. Amerika rasmiysi Misrda fuqarolik jamiyati va demokratiya rivojiga qo'yilgan to'siqlardan tashvish bildirgan.

Kerrining Misr safari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00
Yuklab oling

Misrning norozilik namoyishlariga oid qonuni hukumatga 10 kishidan ortiq odamning yig'ilishini taqiqlash ruxsatini bergan. AQSh to'liq moliyaviy yordamni qayta tiklashi uchun Misrning yangi hukumatidan fuqarolik jamiyatiga qo'yilgan ana shunday to'siqlarni olib tashlashni talab qilmoqda.

Kerri Qohiradagi uchrashuvlarda shu mavzuga ham e'tibor qaratdi.

"Har doimgidek, tashqi ishlar vaziri bilan muloqotimizda mustahkam fuqarolik jamiyati, erkin matbuot va qonun ustuvorligining ahamiyati haqida ham gaplashdik. Aholining barcha qatlami o'z so'zini ayta olsa, Misr jamiyatining yanada kuchli bo'lishiga shak-shubha yo'q", - dedi Kerri.

Sobiq general Abdul Fattoh al-Sissiy Misrning ilk bor demokratik yo'l bilan saylangan prezidentini hokimiyatdan ag'darib, o'zi davlat rahbari sifatida saylanib olgan. BMTdagi chiqishida u islohot o'tkazishga va'da berdi.

"Maqsadimiz yangi Misrni qurish. Huquq va erkinliklarga rioya qiluvchi, o'z vazifalarini bajarib, barcha fuqarolarining diskriminatsiyadan xoli tarzda birga yashashini ta'minlovchi davlat. Bu davlat qonun ustuvorligini hurmat qilib, fikr erkinligini kafolatlaydi", - dedi Misr rahbari.

Ammo Sissiy bu so'zlarini amalda isbotlamaguncha, xalq ishonchini qozona olmaydi, deydi Amerika universiteti professori Akbar Ahmad.

"General yaqin kelajakda odamlar ishonchiga kirishni istasa, dono va mas'uliyatli rahbar ekanini tez namoyish qilishi kerak. Aks holda harbiy diktaturalar davrini tugatgan "arab bahori"dan so'ng hokimiyatni egallab olgan yana bir harbiy diktator degan nomdan qutula olmaydi", - deydi u.

Hokimiyatdan ag'darilib, terrorchi tashkilot deya tamg'alangan "Musulmon birodarlar" partiyasining ko'plab a'zolari qamoqqa tashlangan.

Huquqshunos Xolid Alining aytishicha, Prezident Sissiy qonunni suiiste'mol qilyapti.

"Masalan, ayrim odamlar uni qo'llab-quvvatlab ko'chalarga chiqdi. Boshqalar esa qarshi namoyish o'tkazdi. Politsiya Sissiyni qo'llayotganlarni himoya qildi. Hukumatga qarshi namoyish qilganlarni esa hibsga oldi", - deydi u.

Isroil-Falastin mojarosini hal qilishda hamda "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi kurashda Misr muhim o'rin tutadi. Ammo shuni deb Vashington inson huquqlari bo'yicha talablaridan voz kechmasligi kerak, deydi faollar.

"Inson huquqlari, asosiy fundamental erkinliklar, fuqarolarning yig'ilish huquqi, bularning barchasi milliy xavfsizlikning bir qismi hisoblanadi. Agar qisqa muddatni o'ylasangiz, uzoq muddatli tinchlikka zarar yetkazasiz", - deydi "Human Risht Watch" tashkiloti vakili Sara Margon.

Qohira XAMAS va Isroil o'rtasida sulh tuzishga urinar ekan, AQSh Misr yetakchilaridan o'z xalqi talablariga ham quloq tutishni so'ramoqda.

Misrdagi vaziyat - US/Egypt
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:31 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG