AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Qatar poytaxti Dohada Fors ko'rfazi hamkorlik kengashiga a'zo olti davlat tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, Eron bilan yaqinda imzolangan yadroviy bitimni muhokama etdi.
"Mintaqani yadro qurollari xavfidan xoli qilish asosiy vazifamiz va AQSh yordamida tinchlik va barqarorlikka erishamiz degan umiddamiz", - dedi Qatar Tashqi ishlar vaziri Xolid Bin Muhammad al-Attiya.
Kengashning ayrim a'zolari bitim Eronga sanksiyalardan qutulib, moliyaviy salohiyatini yaxshilashga yordam berishidan xavotirda. Sunniy mazhabdagi arab davlatlari shia Eronga ishonchsizlik bilan qaraydi va Tehronning Hizbulloh kabi guruhlarni moliyalashidan tashvishda.
Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi Isroil va Falastin o'rtasidagi tinchlik jarayonini ham diqqat bilan kuzatmoqda. Qatar vazirining aytishicha, muzokaralarning muzlab qolishi va natija bermayotganidan Yaqin Sharq zarar ko'rmoqda, Isroil bosqiniga chek qo'yish zarur.
Kerrining uchrashuvdan so'ng aytishicha, barcha qatnashchilar agar Eron bilan kelishilgan bitimga to'liq holda amal qilinsa, mintaqa yanada xavfsizroq bo'ladi degan xulosaga kelgan.
Majlisda Yamandagi vaziyat ham ko'rilmoqda. U yerda hukumat Saudiya Arabistonining harbiy ko'magida hutiy isyonchilarga qarshi kurashmoqda. Vazirlar Iroq, Suriya, Liviyadagi vaziyatga ham to'xtalgan. Kerri gumanitar yordam tariqasida Iroqqa qo'shimcha 62 million dollar berilishini aytdi.
Kengashga Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Quvayt, Qatar, Ummon va Birlashgan Arab Amirliklari kiradi.
Prezident Barak Obama bu davlatlar rasmiylari bilan may oyida Vashington yaqinida uchrashib, ular bilan hamkorlik kuchaytirilishi, qo'shma harbiy mashqlar o'tkazilishi, bu davlatlarga qurollar sotilishi hamda raketaga qarshi mudofaa tizimini qurishda yordam berilishi haqida so'zlagan.
Kerrining qo'shimcha qilib aytishicha, olti davlat bilan razvedka xizmatlari o'rtasida ma'lumot almashinuvi, maxsus kuchlar tayyorgarligi, dengiz xavfsizligini ta'minlash ham yo'lga qo'yiladi.
Kerri va Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Odil Jubayr bugun rossiyalik hamkasblari Sergey Lavrov bilan ham uchrashgan. Kun tartibida Suriya masalasi bo'ldi.
Kerri esa kecha Misrda bo'lib, rahbariyat bilan Eron yadro dasturi, Sinay yarimorolida islomiy ekstremistlarga qarshi kurash xususida gaplashgan.
Qatardan so'ng AQSh davlat kotibi Singapur, Malayziya va Vyetnamga borib, savdo masalalari, xususan tariflarni kamaytirib, cheklovlarni yengillashtirish haqida muloqot qiladi.