Breaking News

Kerri: Hindiston global kuch bo'lishi kerak


AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan, Dehli, Hindiston, 31-avgust, 2016-yil.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan, Dehli, Hindiston, 31-avgust, 2016-yil.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Hindistonni jahon sahnasida AQSh bilan hamkorlikda faolroq rol o'ynashga undadi.

Hind Texnologiya instituti talabalari huzurida so'zlagan Kerri Hindistonni "butun sayyoraga ta'sir qiladigan masalalar bilan ishlaydigan qudrat" deb atadi.

Terrorizmdan tortib iqlim o'zgarishigacha bo'lgan global muammolarni yechishda dunyoning ikki eng katta demokratiyasi o'zaro hamkorlik qilishi juda muhim, deya qayd etdi AQSh diplomati.

"Hindiston va AQSh o'rtasidagi chuqur hamkorlik ham ikki davlatga, ham butun dunyoga foydali", - dedi u.

Yetakchi davlatlar, deya qo'shimcha qildi Kerri, chegaralardan tashqaridagi tahdidlarga befarq qaray olmaydi, chunki bugungi globallashgan dunyoda bu tahdidlar bir kun kelib chegaralardan oshib o'tadi.

Dehlida o'tgan uchrashuvda AQSh Davlat kotibi terrorizmga qarshi kurash, Pekinning Janubiy Xitoy dengizida oshib borayotgan harbiy tahdidini jilovlash mavzulariga alohida e'tibor qaratdi.

AQSh va Hindiston birga e'lon qilgan qo'shma bayonotda Janubiy Xitoy dengizida erkin harakatlanish huquqining ahamiyatiga urg'u berildi.

Shuningdek, Kerri Hindistonning Tinch okeanida xavfsizlik kafolati bo'ladigan kuchga aylanishini AQSh qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Hindiston uchun yana bir xavotirli masala bu qo'shni Pokistonning terrorchilar to'planadigan hududga aylanib borayotganidir.

"Ijobiy o'zgarishlar bo'lyapti va pokistonliklar bu borada ko'proq ishlashyapti", - dedi Kerri.

Davlat kotibi ayni paytda Pokiston ham terrorizmdan ko'p aziyat chekkanini eslatib o'tdi. Ekstremistlar hujumlarida shu paytgacha 50 ming pokistonlik halok bo'lgani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG