Breaking News

Kerri Iroqdan havo sarhadlarini Eronga yopishni so'radi


AQSh davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Iroq bosh vaziri Nuri al-Malikiy (o'ngda) bilan uchrashmoqda, Bag'dod, 24-mart, 2013-yil.
AQSh davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Iroq bosh vaziri Nuri al-Malikiy (o'ngda) bilan uchrashmoqda, Bag'dod, 24-mart, 2013-yil.
AQSh davlat kotibi Jon Kerri bugun Iroqda mamlakat bosh vaziri Nuri al-Malikiy va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi. Iroq xavfsizligi, Suriya mojarosi muhokamada bo'ldi.

Kerri prezident Obama bilan Yaqin Sharq safarida edi va Iroqqa borishi e’lon qilinmagan edi.

Davlat kotibi Bag’doddan Suriya hukumatiga harbiy yordam tashiyotgan Eron samolyotlarini Iroq uzra o’tkazmaslikni so’ragan. Malikiy nima deb javob bergani hozircha ma'lum emas.

Vashington ma'lumotiga ko'ra, Tehron Suriya prezidenti Bashar al-Assadni jangarilarga qarshi qo'llab-quvvatlash maqsadida har kuni Damashqqa harbiy yordam yetkazmoqda. Tehron Suriyaga gumanitar madad yuborilayotganini aytadi.

O'tgan yili Iroq Erondan Suriyaga yo'l olayotgan ikki samolyotni to'xtatib tekshirganini va ularda qonunga xilof yuk bo'lmaganini bildirgan. Arab davlatlari va G'arb Assadni qoralab, uni iste'foga chaqirar ekan, Malikiy shu kungacha betaraf bo'lib, ularga qo'shilmagan.

AQSh Iroqni istilo qilganiga shu hafta 10 yil to’larkan, Kerri mamlakatda mazhablararo ziddiyatlar kuchayayotganidan xavotirda. Sunniy arboblar hokimiyat shialar qo'lida to'planayotganini aytib, bosh vazirni tanqid qilib keladi. Vazirlar mahkamasining sunniy a'zolari mahkama majlislarini boykotga olgan.

Jon Kerri parlament spikeri, sunniy arbob Osama Abdul Aziz al-Nujayfi bilan ham uchrashib, boykotni bas qilishga, Malikiy bilan murosa qilishga chaqirgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG