Breaking News

AQSh davlat kotibi Yaqin Sharqqa safarini yakunladi


AQSh davlat kotibi Jon Kerri Falastin va Isroilga uch kunlik safarini yakunladi. Diplomat Qo’shma Shtatlar uchun Yaqin Sharq tinchligi ustuvor ekanini aytib, Eron yadro qurolini qo’lga kiritishiga qarshiligini alohida ta’kidladi.

Tashrif davomida Jon Kerri Falastin ma’muriyati prezidenti Mahmud Abbos va Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan gaplashdi. Tomonlar Yaqin Sharq tinchlik muzokaralarini qayta tiklash tarafdori ekanini eslatdi.

Isroil bosh vaziri muloqot yo’lida dadil qadamlar tashlash qarorida qat’iy. U bugun Quddusda jurnalistlarga murojaat qildi.

“Buning mintaqa uchun iqtisodiy foydasi katta. Biroq siyosatni ham unutmaslik kerak. Avvalo Isroil xavfsizligi va uning qo’shnilar tomonidan davlat sifatida tan olinishi haqida gap ketmoqda. Biz barcha to’siqlarni birgalikda yechishga tayyormiz”, - dedi Netanyaxu.

AQSh bosh diplomati Jon Kerri boshi beri ko’chaga kirib qolgan tinchlik muzokaralarini jonlantirishga harakat qildi. Isroil va Falastin 2010-yilning sentabridan beri bu mavzuda gaplashmay keladi. Kerri so’zlariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar, Isroil va Falastin o’zaro ishonchsizlik hissini yengishi mumkin. Ammo jarayonni zo’raki tezlatishga, majburiy muhlatlar belgilashga hojat yo’q, deb hisoblaydi u.

Falastin ma’muriyatining rahbari Mahmud Abbos Isroildan bosib olingan yerlarda yahudiylar uchun uylar qurishni bas qilib, falastinlik siyosiy mahbuslarni qo’yib yuborishni talab qilmoqda. Shundagina Isroil bilan muzokara stoliga qaytamiz, deydi u. Netanyaxu esa muloqotdan oldin biror shart qo’yilmasin, deydi.

Falastin tomonining bildirishicha, Jon Kerri 2002-yilda arab davlatlari olg’a surgan tinchlik tashabbusiga tuzatish kiritishni, Isroil xavfsizlik va chegaralar borasidagi talablarini inobatga olishni so’ragan. Ushbu rejaga ko’ra, Isroil 1967-yilda bosib olgan yerlardan butunlay ketishi kerak, evaziga arab mamlakatlari tinchlik kafolatini beradi.

Vashingtonda asoslangan Yaqin Sharq tinchlik markazi rahbari Robert Veksler Kerrining tashabbusini shunday izohlaydi:

“AQSh bosh diplomati Arab Ligasi tashqi ishlar vazirlari bilan yaqindan ishlab, arab davlatlari tinchlik rejasini o’zgartirish emas, balki alohida bandlar qo’shishga, Isroilni murosaga ko’ndiradigan takliflar bilan chiqishga undayapti”, - deydi tahlilchi.
Sobiq qonunchi Veksler nazarida arab mamlakatlari, masalan, Isroilning yo’lovchi samolyotlariga o’z hududi uzra parvoz qilishga ruxsat berishi, Isroil bilan savdoga imkon yaratishi, bu yurt rasmiylari bilan uchrashishi mumkin.

Shuningdek, Kerri va Netanyaxu Eronning yadroviy izlanishlari haqida ham to’xtalgan. Tehron qo’liga ommaviy qirg’in quroli tushib qolishiga yo’l qo’yib bo’lmaydi, deydi Isroil bosh vaziri.

Kerrining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Eron bilan muzokaraga ochiq. Lekin muloqot samarasiz va to’xtovsiz davom eta olmaydi, deydi u. Islomiy respublikaning yadroviy inshootlarini harbiy yo’l bilan yo’q qilish masalasi hamon muhokamada, deydi diplomat.

Eron izlanishlar faqat energiya ishlab chiqarish, tibbiyot uchun zarur ekanini ta’kidlaydi. Ilmiy tadqiqotlar olib borishga haqlimiz va har qanday hujumga qarshi javob qaytaramiz, deydi Eron mulozimlari.

Jon Kerri Yaqin Sharqdan endi Londonga yo’l olib, Katta Sakkizlik tashqi ishlar vazirlarining yig’inida qatnashadi va mintaqaviy hamda xalqaro muammolarni muhokama qiladi. So’ng AQSh rasmiysi Osiyo bo’ylab safarga chiqib, Koreya yarimorolidagi mojaro haqida fikr almashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG