Breaking News

Jon Kerri Tunisda qabul qilingan konstitutsiyani maqtadi


AQSh davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Tunis prezidenti Muhammad Monsef Marzukiy, Tunis, 18-fevral, 2014-yil
AQSh davlat kotibi Jon Kerri (chapda) va Tunis prezidenti Muhammad Monsef Marzukiy, Tunis, 18-fevral, 2014-yil
Xorijiy safar bilan yurgan AQSh davlat kotibi Jon Kerri kutilmaganda Tunisga borgan. Kerri Yaqin Sharqda “arab bahori” nomi bilan tanilgan isyonlarni birinchi bo’lib boshlab bergan bu mamlakatda so’ngi uch yilda erishilgan yutuqlarni olqishlagan.

AQSh rasmiysi Tunis prezidenti Monsef Marzukiy bilan uchrashib, Qo’shma Shtatlar uning hukumati siyosatidan ko’ngli to’q ekanini aytgan.

Bir necha hafta burun Tunisda yangi konstitutsiya qabul qilindi. Kuzatuvchilarga ko’ra, bu arab dunyosidagi eng ilg’or konstitutsiyadir.

Kerrining aytishicha, Tunis yangi konstitutsiyasi arab dunyosi uchun siyosiy islohotlar o'tkazishda namuna bo'lishi mumkin.

"Hujjatda tenglik, erkinlik, xavfsizlik, iqtisodiy imkoniyatlar va qonun ustuvorligi kabi demokratik tamoyillar aks etgan", dedi Kerri.

BMT bosh kotibi Pan Gi Mun ham bosh qomusning qabul qilinganini olqishlagan. Konstitutsiya dunyoviy tuzum tarafdorlari va islomiy kuchlar o'rtasidagi muzokaralar mahsulidir.

Ammo tanqidchilar nazarida unda ayollar va musulmon bo'lmagan aholi huquqlari yetarlicha himoyalanmagan.

Oksford universiteti tahlilchisi Monika Marksning aytishicha, hukumat iqtisodiyotni yaxshilashi kerak, chunki narxlar inqilobdan oldingiga qaraganda qimmatlashmoqda.

"Odamlar hayotidagi ijobiy o'zgarishni ko'rsagina hukumatga ishonadi", - deydi tahlilchi.

AQSh davlat kotibi Tunisdan so’ng Parijga borib, ertaga Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG