Breaking News

AQSh Qoshiqchining qoldiqlarini oilasiga topshirishga chaqirmoqda


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Qo’shma Shtatlar saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o’ldirilishiga aloqador odamlarni jazolashdan oldin yetarlicha dalil to’plashi lozim va bunga yana bir necha hafta ketishi mumkin.

Xalqaro hayot - 2-noyabr, 2018-yil - AQSh Qoshiqchining qoldiqlarini oilasiga topshirishga chaqirmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:47 0:00

Qoshiqchi 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligiga kirib, qaytib chiqmagan. Turkiya hukumati uni ichkarida bo’g’ib o’ldirishganini da’vo qilmoqda. Qirollik ham buni tan olgan.

Ayni damda uning jasadi qidirilmoqda. Voqeani tergov qilishda yordam berish uchun Istanbulga saudiyalik mutaxassislar borgan. Qotillikni kim buyurgani ham hozircha noma’lum.

Qoshiqchi qirol Salmon va uning o’g’li, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonning tanqidchilaridan bo’lgan, o’tgan yili bosim ostida mamlakatini tark etishga majbur bo’lib, AQShning Virjiniya shtatida yashab kelayotgan edi.

Saudiya Arabistonida bu ishga aloqadorlik gumoni bilan 18 odam hibsga olingan. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ularni Turkiyada sud qilamiz, deya qirollikdan ayblanuvchilarni ekstraditsiya qilishni so’ramoqda.

Qoshiqchining oilasi va do’stlari uni dafn etish uchun jasadini topib berishlarini talab qilmoqda. Jurnalist bo’g’ib o’ldirilganidan so’ng chavaqlangani aytilmoqda.

“Hech bo’lmaganda qoldiqlarini topib berishsin. Uni o’z vasiyatiga ko’ra Madinadagi Jannatul Boqiy qabristoniga qo’ymoqchimiz. Butun dunyodan Saudiya hukumatiga bosim qo’yib, qotillaridan ko’ra dafn uchun avval jasadini topib berishlariga chaqiramiz. Aks holda bu ish bosti-bosti bo’lib ketadi”, - deydi Turkiya-arab matbuot uyushmasidan Fotih Oke.

AQSh Davlat departamenti ham Saudiya Arabistonini Qoshiqchining qoldiqlarini topib, oilasiga qaytarishga chaqirmoqda.

Muxbirlar Prezident Donald Trampdan Saudiya Arabistoni sizni aldadimi deb so’raganida, Tramp shunday javob berdi:

“Meni emas, o’zlarini aldashdi. Qo’limizda ko’plab dalillar bor”, - dedi u.

Ayrim tahlilchilar nazarida, Saudiya hukumatining qotillikni avval inkor etib so’ng tan olgani valiahd shahzoda pozitsiyasiga zarba berdi.

Boshqa kuzatuvchilarga ko’ra esa, AQSh fursatdan foydalanib, Saudiya Arabistonidan Yamandagi urushga chek qo’yishni talab qilishi kerak. Mojaro oqibatida aholining yarmi – 14 million odam ocharchilikka yuz tutgan.

“Qoshiqchining o’ldirilishi saudiyaliklarni bu va boshqa masalalarda kelishishga moyilroq qilib qo’ydi”, - deydi Bayrutdagi Amerika universitetidan Hilol Xashan.

Shu paytgacha Saudiya Arabistonining Yamandagi harbiy harakatlarini qo’llab-quvvatlab kelgan va hatto arab koalitsiyasiga harbiy va texnik ko’mak berib kelgan Qo’shma Shtatlarning bu masalada siyosati o’zgarayotgandek.

Seshanba kuni Davlat kotibi Mayk Pompeo ilk bor Yamandagi mojaroga yakun yasash kerak, dedi. AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis esa Yamanda hokimiyat talashayotgan taraflarni BMT vositachiligida Shvetsiyada muzokara qilishga da’vat etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG