Matbuotdagi ayrim xabarlarga ko’ra, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchini Istanbuldagi konsullikda o’ldirishga buyruqni Saudiya Arabistoni qirolining o’g’li, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bergan degan xulosaga kelgan.
Prezident Tramp shu seshanba kuni tergov xulosalari bilan tanishib chiqishini aytgan. AQSh-Saudiya Arabistoni aloqalari qanday bo’lishi kutilmoqda? Tramp qirollikni sanksiyalar bilan jazolaydimi?
Turkiya tergovchilariga ko’ra, Qoshiqchi 2-oktabr kuni Saudiya Arabistonining konsullik xizmati binosida o’ldirilgan va dalillar AQShga uzatilgan. Markaziy razvedka boshqarmasi dalillar ishonchli deyishiga qaramay, Prezident Tramp qirollikni ayblashga shoshilmayapti.
“Bir-ikki kunda to’liq hisobot bilan tanishib chiqaman”, - deydi u.
Muxbirning “Markaziy razvedka boshqarmasi bu ish ortida Muhammad bin Salmon turibdi degan xulosaga keldimi” degan savoliga Tramp shunday javob berdi:
“Hech qanday xulosa yo’q hozircha. Bunga hali erta, hisobot to’liq emas. Ammo shunday bo’lishi ham mumkin, ko’ramiz”, - dedi Tramp.
AQSh rahbarining aytishicha, Salmon bu ishga aloqasi yo’qligini unga bir necha bor aytgan. Jurnalist Trampdan shahzoda unga yolg’on so’zlagan bo’lishi mumkinmi deya so’radi.
“Bilmayman. Ammo ko’p odamlar uning bundan xabari bo’lmaganini aytmoqda”, - dedi Tramp.
Demokrat kongressmen Adam Shiffning aytishicha, ko’zga ko’ringan jurnalist va Salmon tanqidchisini shahzodadan bexabar o’ldirishganiga ishonish qiyin.
Kongressdagi demokratlar Trampni AQSh razvedkasi xulosasini qabul qilishga chaqirmoqda.
“Tramp ma’muriyati bu ishni bosti-bosti qilishga sherik bo’lmasligi kerak. Bu voqeadan so’ng saudiyaliklarning jahondagi mavqeiga putur yetdi”, - deydi qonunchi Shiff.
Davlat departamentiga ko’ra, Qoshiqchini o’ldirishni kim buyurgani xususida tugal bir xulosa yo’q. Respublikachi qonunchilar sabr qilishga chaqirmoqda.
“Prezident seshanba kuni nima deyishini kutaylik. Qirollik bilan aloqalarning yomonlashishi Yaqin Sharqda kuchlar muvozanatiga ta’sir qiladi, o’zini yomon tutayotgan Eron bilan muvozanat buziladi. Shuning uchun Qoshiqchining o’limi ortida kim turganini aniq bilishimiz kerak”, - deydi respublikachi senator Roy Blant.
Tramp qirollik bilan aloqalarning sovishi nafaqat geostrategik muvozanatga ta’sir qilishini aytadi. Unga ko’ra, ikki mamlakat hamkorligi natijasida AQSh savdo, iqtisodiy foyda ko’rmoqda, amerikaliklar ish bilan ta’minlanmoqda.
Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiya mintaqada mavqeini kuchaytirish, regional raqibi Saudiya Arabistoniga zarba berish hamda AQSh bilan ba’zi og’riqli masalalar bo’yicha kelishish maqsadida Qoshiqchining qotilligiga doir ma’lumotlarni maydalab uzatmoqda. Oq uy Saudiya Arabistoniga katta zarar yetkazmaslik uchun Turkiya bilan voqeani oshkor etmaslikka kelishishi mumkin, deydi tahlilchilar.
Fathulla Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilish ana shu kelishuvning bir bo’lagi, deya xabar beradi Amerikaning NBC telekompaniyasi. Unga ko’ra, Prezident Tramp Adliya vazirligi, Federal qidiruv byurosi hamda Ichki xavfsizlik vazirligiga Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishga asos topishni buyurgan.
Prezident Rajab Toyib Erdog’an Gulenni 2016-yilda Turkiyada davlat to’ntarishiga harakat ortida turganlikda ayblaydi. Vashington bungacha Turkiyaning Gulenni ekstraditsiya qilish talabini ko’rib chiqib, Anqara taqdim etgan dalillarni zaif deya, talabni qondirmagan edi. Pensilvaniya shtatida yashayotgan sobiq imom Fathulla Gulen Erdog’anga qarshi fitnaga aloqasi yo’qligini aytib keladi.
Facebook Forum