Breaking News

Xerson va Zaporojye Rossiya tarkibiga kiritilishi mumkin


Xerson shahri
Xerson shahri

Qo’shma Shtatlar Ukrainadagi harbiy harakatlar natijasida Rossiya nazoratiga o’tgan Zaporojye va Xerson viloyatlarida xalq respublikalari tashkil etilishi mumkinligidan xavotirda. Ushbu hududlar harbiy-fuqaroviy ma’muriyatlariga tayinlangan rahbarlar 2014-yilda Qrimda bo’lgani kabi Rossiyaga qo’shilish yuzasidan referendum o’tkazilishi haqida ma’lum qildi.

Xalqaro hayot - 9-iyun, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:48 0:00

“Ovoz berish yoki referendum qachon bo’lishini ma’lum qilamiz. Bu hozir yoki ertaga bo’lmaydi, chunki avvalambor Xerson viloyatida tartibni tiklashimiz kerak”, - dedi Xerson ma’muriyati rahbarining muovini Kiril Stremousov.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaqinda bu ikki viloyat aholisiga Rossiya fuqaroligini olishga imkon beruvchi farmon imzoladi. Yuzlab odam ariza berishga navbatda turibdi. Zaporojye va Xersonda uyali aloqa tizimi va internet xizmatini rossiyalik kompaniyalar ta’minlamoqda.

Amerikalik ayrim tahlilchilar bu ikki hududning Rossiyaga qo’shilishiga ishonmaydi.

“Bu viloyatlarning birortasi Ukrainadan ajralishni istamaydi. Bu ukrain hududlari. Agar hozir u yerlarda referendum o’tkazilsa, vayronalar fonida, boshqa mamlakatlar ularni tan olmasligi fonida bu bir tomosha bo’ladi”, - deydi Jorj Bush institutidan Deyvid Kreymer.

Ukraina telekanallari Xerson va Zaporojoyeda ortiq ishlamayapti, aholi Rossiya televideniyesini tomosha qilmoqda. Xersonda o’tgan yili o’rilgan bug’doy Rossiyaga jo’natilmoqda.

“O’z texnikasini olib kelib, bug’doyni elevatorlardan olib Qrimga jo’natishyapti. Don Sevastopoldan bozorga olib chiqiladi”, - deydi Ukraina qishloq xo’jaligi kengashidan Denis Marchuk.

Zaporojye va Xerson aholisining bir qismi Ukrainaning boshqa hududlariga ko’chib ketdi. Ba’zilari viloyatlarda qolgan erkaklar harbiy xizmatga chaqirtirilib, Ukraina armiyasiga qarshi jang qilishga safarbar etilishidan xavotirda.

“Ko’p qarindoshlarim, dadam Xersonda qoldi. Banklar ishlamayapti. Pulni olib bo’lmaydi. Na maosh bor, na nafaqa. Do’konlarda hech vaqo yo’q. Ba’zan oziq-ovqatni odamlardan sotib olishyapti. Aholi uydan chiqishga qo’rqyapti, ko’p odamlarning bedarak ketgani haqida mish-mishlar bor”, - deydi Alyona Krutiyenko ismli Xersondan qochgan bir ayol.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, mamlakatining beshdan biri hozir Rossiya nazoratida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG