Breaking News

Qiruvchi robotlar insoniyat uchun xavflimi?


“Qiruvchi robotlar” deya atalmish o’zini o’zi boshqaruvchi mashinalar bir kun kelib insoniyatga xavf solishi mumkinmi?

Ularni man etish talabi bilan chiqayotgan faollar deydiki, bu fantastikadek tuyulsada, xavf jiddiy. Bunday robotlar allaqachon yaratilgan va hozirgi texnologik taraqqiyot aynan shunday kelajakka yetaklashi mumkin, deya ogohlantiradi ular.

Britaniya parlamenti qarshisida yaqinda ajib bir aksiya bo’lib o’tdi. Odamlarni o’ldirishga qodir robotlar yaratilmoqda, deydi uni tashkillashtirgan faollar. Ular orasida 1997-yilning Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori, amerikalik Jodi Vilyams ham bor.

"Urush qiyofasini tubdan o’zgartiradigan texnologiyalar muhokama qilinishi kerak. “Talofatsiz jang” degan iborani eshitsam, qonim qaynab ketadi", - deydi faol.

X-47B – uchuvchisiz qiruvchi samolyotlar orasida eng ilg’ori. Ayni paytda AQSh harbiy-dengiz kuchlari uni sinovdan o’tkazmoqda. Boshqa davlatlar ham shunday dasturlarni yuritadi.

Sun’iy intellekt bo’yicha professor Noel Sharki - robotsimon qurollar nazorati bo’yicha xalqaro qo’mita raisi. Pilotsiz samolyotlar texnologik taraqqiyotning navbatdagi bosqichi, deydi u.

"Bizni qiziqtirgani, mo’ljalni kim belgilaydi? O’t ochish haqidagi buyruqni kim beradi? Bunday qarorlarni robotlarga ishonish to’g’rimi o’zi? Nazarimda, hayot-mamot masalasida inson nazorati va roli juda muhim", - fikr bildiradi olim.

Hozirgi kunda hammasini operator boshqaradi. Ammo bir kun kelib, deydi tarafdorlar, bunday texnologiya bilan harbiy xatolarni butunlay bartaraf etish mumkin.

Professor Kristofer Koker London iqtisodiyot oliygohida dars beradi. 21-asr texnologiyasi jang maydonini qanchalik o’zgartirayotgani haqida kitob yozgan.

"Umumiy bir xulosa shuki, avtonom uchar vositalar vazifani aniq va to’g’ri bajaradi. Ular nishonni soatlab, hatto kunlab kuzatishi mumkin. Ma’lumot to’plab, tahlil qilib, o’t ochish yoki ochmaslik to’g’risida qaror qabul qiladi. Lekin bu bilan hech narsa oydinlashib qolayotgani yo’q. Nishonni urganda atrofga ham ziyon yetadi, albatta", - deydi u.

Samsung Techwin kompaniyasi o'zining reklamasida yangi mahsulotini ko’z-ko’z qilmoqda. “Intellektual” kameralar bilan jihozlangan SGR-A1 roboti chegarachi-posbon rolini bajaradi.

Robot ustida diametri 5,5 millimetrli avtomat o’rnatilgan, lekin uni ishlatish-ishlatmaslik operatorga bog’liq. Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotiga ko’ra, yaqin kelajakga operatorga ham hojat qolmaydi.

"Muammo shundaki, avtonom robot xatoga yo’l qo’ysa, uni javobgarlikka tortib bo’lmaydi. U mashina axir. Demak, chegara postining qo’mondonini aybdorga chiqarish mumkin dersiz. Lekin bu ham adolatdan emas, chunki robot mashina bo’lgani sabab buzilib turadi, programmasi nosoz bo’lishi mumkin", - tushuntiradi Sharki.

Qiruvchi robotlarga sanoat korporatsiyalari katta qiziqish bildirib, sarmoya tikishga ham tayyor. Bu texnologiyaga moratoriy qo’yish masalasi BMT Inson huquqlari kengashi majlislarida muhokamaga qilinadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG