Breaking News

AQSh qonunchilari Tramp-Kim uchrashuvi ehtimoliga turlicha qaramoqda


Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey Inning aytishicha, Shimoliya Koreya va AQSh rahbarlarining ilk tarixiy uchrashuvida Koreya yarimorolida yadro tahdidini bartaraf etishga urg’u berilishi kerak.

Kim Chen Un va Donald Trampning may oyida bo’lishi kutilayotgan uchrashuvini tashkil etishda Janubiy Koreya katta rol o’ynamoqda.

“Ikki Koreya o’rtasidagi muloqot ketidan AQSh-Shimoliy Koreya muloqoti tarixiy ahamiyatga ega bo’ladi. Sammit joyi aniqlanmoqda. Muloqotga Janubiy Koreya ham qo’shilib, uch tomonlama bo’lishi mumkin”, - dedi janub rahbari.

Mun Jey Inning o’zi ham kelasi oy Shimoliy Koreya lideri bilan uchrashmoqchi.

AQSh Kongressidagi ayrim qonunchilar Trampning Kim Chen Un bilan muloqoti ehtimolini olqishlayotgan bo’lsa, bunday tashabbusni tanqid qilayotganlar ham talaygina.

Ba’zilar muloqotni yadroviy to’qnashuvning oldini olishga imkon beruvchi yagona imkoniyat desa, boshqalar nazarida, bu zarracha ham foyda bermaydigan ahmoqona g’oyadir.

“Prezidentning bu tashabbusini qo’llab-quvvatlayman. Uchrashuv urushning oldini olishga yordam berishi mumkin”, - deydi respublikachi senator Lindsi Grem.

Jon Kennedi o’zgacha fikrda. Yana bir respublikachi nazarida Kim Chen Un uchrashuvdan keyin ham yadro dasturidan voz kechmaydi. Shunga ahd qilgan taqdirda ham qurolsizlanish jarayonini nazorat qilib bo’lmaydi, deydi Kennedi.

"Shimoliy Koreyaga nisbatan eng qattiq sanksiyalar tarafdoriman. Kim Chen Unni sanksiyalar bilan shunaqangi uraylikki, yo’tali bilan suyaklari ham chiqsin”, - deydi u.

Muxolif demokratlar fikricha, Tramp ma’muriyati bunday mas’uliyatli muloqotga tayyor emas.

“Zamonamizning eng muhim, eng oliy darajadagi yadroviy muzokaralari haqida gap ketmoqda. Ammo davlat kotibimiz yo’q, ayrim rahbarlarimiz yo’q, prezidentning milliy xavfsizlik maslahatchisiga e’tirozimiz bor”, - deydi senator Dik Durbin.

Senatorlar davlat kotibi lavozimiga tayinlangan nomzod bo’yicha kelasi oy ovoz beradi. Tramp ishdan haydalgan Reks Tillerson o’rniga Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mayk Pompeoni tashqi ishlar vaziri lavozimiga tayinlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG