AQSh Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashish uchun Singapurga yetib bordi. Kim Chen Un ham hozir Singapurda. Tarixiy uchrashuv mahalliy vaqt bilan seshanba kuni ertalab soat 9 da, Vashington vaqti bilan esa dushanba kuni (ya'ni bugun) 21:00 da bo’lib o’tadi (Toshkent vaqti bilan seshanba sahar 6 da). Ikki mamlakat orasida 12 soat farq bor.
Uchrashuvga tayyorgarlik katta bo’ldi, nafaqat diplomatlar tomonidan, balki xavfsizlik xizmatlari tomonidan ham. Muloqot joyi uchun Singapurning tanlangani bejiz emas. Ham shahar, ham davlat vazifasini o’tovchi bu yurt osoyishtaligi va xavfsizligi bilan ajralib turadi. Singapur jinoyatchilik darajasi eng past mamlakatlardan biri, shaharda nazorat tizimi kuchli.
Yuksak texnologik taraqqiy etgan bu shahar aloqa tizimi ham yaxshi rivojlangan. So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, singapurliklar bir kunda o’rtacha 13 soat raqamli gadjetlaridan foydalanisharkan. Bu esa hukumatning aholi ustidan nazoratini yengillashtiradi. Ko’plab nazorat kameralari ham xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan.
Hukumat sud rusxatisiz telefon qo’ng’iroqlari, elektron pochta va boshqa shaxsiy suhbatlarni kuzatishi mumkin. Mamlakatda ko’plab yirik xalqaro anjumanlar, davlat rahbarlarining sammitlari o’tkazilgan.
“Singapur hukumati Donald Trampga qarshi namoyishlar bo’lmasligini kafolatlashi mumkin. Kim Chen Unga qarshi ham namoyishlarni ko’rmaysiz. Nazorat kuchli bo’ladi, xavfsizlikka umuman tahdid yo’q”, - deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkilotidan Fil Robertson.
Yana bir ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, jinoyatchilik eng past bu mamlakat ahli dunyo bo’ylab o’zini eng xavfsiz his qiluvchi xalq hisoblanadi. Qatorasiga beshinchi yil.
Barqarorlik esa iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan. Singapurni global moliya markazi deb ham atash mumkin.
Biroq bu mamlakatda norozilar, tanqidchilar yo’q deb bo’lmaydi. Masalan, Jolovan Vam hukumatning ko’zga ko’ringan tanqidchilaridan.
“Aktivist yoki siyosatchi bo’lsangiz, hatto do’stlaringiz bilan ham aloqalaringiz, elektron suhbatlaringiz nazorat qilinayotganiga tayyor turishingiz kerak. Nazorat Singapur hayotining bir qismi, ayniqsa hukmron partiya tanqidchisi bo’lsangiz”, - deydi Vam.
Faol o’tgan yili ruxsatsiz namoyish uyushtirgani uchun qamoqda o’tirib chiqdi. Hukumat ruxsat bersa, namoyishlar faqat bir joyda o’tkazilishi mumkin - Xon Lim bog’ida.
“Hatto mana shu bog’da ham hamma joyda kameralar o’rnatilgan”, - deydi faol.
Umuman olganda Singapurni ko’pdan beri boshqarib kelayotgan partiyaga qarshi norozilik kuchli emas. Badavlat bu mamlakat odamlari “to’q qornim – tinch qulog’im” tamoyiliga ko’ra yashashadi.
Otasining o’limidan so’ng 2011-yilda davlat tepasiga kelgan Kim Chen Un shu yilga qadar xorijga chiqmagan edi. Yaqinda u ikki bor Xitoyda bo’ldi. Har ikki safar ham qo’shni mamlakatga zirhli poyezdda bordi. Singapurga esa Xitoy hukumati bergan samolyotda uchdi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Kim masofaning katta qismini ittifoqchi Xitoy uzra uchib o’tgan.
Janubiy koreyaliklar ushbu muloqot haqida qanday fikrda, qanday xavotirlar mavjud? Bu mamlakat rahbari Kim Jey Mun vositachi bo’lgan.
Janubiy Koreyada sammitdan oldin bo’layotgan namoyishlarning bir qismi Donald Tramp va Kim Chen Unni kelishishga da’vat etayotgan bo’lsa, konservativ guruhlar ishtirokidagi boshqa namoyishchilar esa Kim hukumati o’tmishda bergan va’dalarining ustidan chiqmaganini eslatib, AQShni muzokaralarda yon bermaslikka da’vat etmoqda.
Janubiy Koreyada o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, mamlakat ahlining katta qismi Prezident Kim Jey Munning Shimoliy Koreyaga nisbatan diplomatik harakatlarini qo’llab-quvvatlamoqda. Aprelda ikki Koreya rahbarlarining sammitidan so’ng Janubiy Koreyada Kim Chen Unga ishonch kuchaydi.
“Rais Kim Chen Un haqida salbiy tasavvurda edim, ammo uni televizorda ko’rganimdan so’ng munosabatim ijobiy tomonga o’zgardi”, - deydi seulliklardan biri.
Singapurdagi sammitdan oldin Trampning ham Janubiy Koreyadagi reytingi ko’tarildi.
Bu mamlakat ahlining bir qismi muzokara natijasiz yakunlanishidan ham xavotir bildirmoqda. Tramp Kim yadro dasturini cheklashga so’z bermasa, muzokaradan chiqishi haqida bir necha bor aytgan va hatto sammit bekor qilingani haqida ham ma’lum qilgan edi.
“Muloqotgacha yetib bormasligidan qo’rqaman”, - deydi yana bir seullik.
Donald Tramp va Kim Chen Un Singapurda yuzma-yuz uchrashishi kutilmoqda. Muloqot ijobiy kechsa, Kim Chen Un Tramp bilan keyingi oy Pxenyanda ko’rishmoqchi. Vashingtonda ham muloqot bo’lishi haqida gaplar bor.
Facebook Forum