AQSh ikki Koreya rahbarlari o’rtasida erishilgan keng qamrovli kelishuv yuzasidan “tegishli choralar” ko’rsa, Yonbyon yadroviy inshootini yopishimiz mumkin, deya bildirmoqda Shimoliy Koreya.
Kelishuv 19-sentabr kuni Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un va Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In tomonidan Pxenyandagi sammitning ikkinchi kunida e’lon qilindi.
Kelishuv imzolanishi bilan, Donald Tramp uning boshqaruvi davrida Pxenyan bilan aloqalar yaxshilanganini aytdi.
“Shimoliy Koreya bilan AQSh o’rtasida urush boshlanishi tayin edi. Hozir kamida shaxsiy aloqalar yaxshilandi, xotirjamlik paydo bo’ldi”, - deydi AQSh rahbari.
Shimoliy Koreya Yonbyon yadroviy inshootiga qo’shib, raketalarni sinovdan o’tkazish va uchirish maydonlarini ham xalqaro ekspertlar nazoratida yopishni taklif qilmoqda.
“Koreya yarimorolini yadroviy qurollar va yadro tahdididan xoli zaminga aylantirishga kelishib oldik”, - deydi Kim Chen Un Prezident Mun Jey In bilan qo’shma bayonotida.
Shimoliy Koreya rahbari joriy yilda Seulga tashrif buyurishi mumkin. Safar amalga oshsa, u 1950-53-yillardagi Koreya urushidan buyon Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan ilk Shimoliy Koreya rahbari bo'ladi.
Facebook Forum