Breaking News

Rossiya Kremlga dron hujumida AQShni ayblamoqda


Rossiya hukumati Kremlga kechagi dron hujumlarida Qo’shma Shtatlarni ayblamoqda. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, nishonlarni tanlaydigan AQSh, uning rejasini ijro etadigan esa Ukraina.

Xalqaro hayot - 4-may, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:26 0:00

Kiyev dron hujumiga aloqadorligini inkor etmoqda.

"Kiyevda ham, Vashingtonda ham buni rad etishga qaratilgan urinishlar kulgilidir. Bunday harakatlar, bunday terror harakatlari haqidagi qarorlar Kiyevda emas, Vashingtonda qabul qilinishidan juda yaxshi xabardormiz”, - dedi Peskov.

Kreml vakili Rossiya dron hujumiga javob berishga haqli ekanini bildirdi, ammo hujum qachon va qanday shaklda bo’lishi haqida og’iz ochmadi.

Chorshanba kuni Kreml uzra ikkita dron ko’ringan. Biri portlagan, ikkinchisi ishdan chiqarilgani aytilmoqda. Hujum paytida Prezident Putin ishda bo’lmagan.

G’arbdagi ayrim rasmiylar va kuzatuvchilar bunga Rossiyaning o’zi qo’l urgan bo’lishi mumkinligini, yana kimdir bu ish ortida Kiyevga aloqasi yo’q, ammo unga xayrixoh ko’ngillilar turganini taxmin qiladi.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel Kremlga dron hujumidan Ukrainadagi vaziyatni eskalatsiya qilishda bahona sifatida foydalanmaslikka chaqirdi.

Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev Ukrainani terror hujumida ayblab, Vladimir Zelenskiyni yo’q qilishga da’vat etdi.

Zelenskiyning o’zi hujum paytida Finlyandiyada edi, bugun esa Niderlandiyaga bordi, Xalqaro jinoiy sud joylashgan Gaaga shahrida bo’lib, Putinni urush uchun jinoiy javobgarlikka tortish kerakligini aytdi.

Sud Putinni ukrainalik bolalarni Rossiyaga olib chiqganlikda ayblab, mart oyida uni hibsga olishga order chiqargan.

"Gaagada barchamiz boshqa Vladimirni ko’rishni istaymiz. Jinoiy harakatlari uchun jazoga loyiq Vladimirni”, - dedi xalqaro sud prezidenti Pyotr Xofmanski bilan ko’rishgan Zelenskiy.

U Ukrainadagi urush bo’yicha yangi tribunal tashkil etishga chaqirdi.

Zelenskiy Niderlandiya senatorlari oldida so’zlab, urush uchun harbiy texnika, F-16 kabi samolyotlar kerakligini aytdi.

Ukraina rahbari Niderlandiya va Belgiya bosh vazirlari Mark Rutte va Aleksandr de Kru bilan ham ko’rishdi. De Kru Belgiya Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini ajratish arafasida ekanini aytdi.

"Urush boshlanganidan beri Rossiya Markaziy bankining 180 milliard yevrodan oshiq aktivlarini muzlatib, endi bu puldan Ukrainani qayta qurishda ishlatish uchun foydalanish yo’lini o’rganyapmiz. Rossiyaga aql bilan, samarali zarba berishimiz kerak”, - dedi u.

Niderlandiya rahbari gaubitsalar, tanklar kabi vaqti kelib F-16 samolyotlari ham Ukrainaga berilishiga ishonch bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG