Breaking News

Andrey Kubatinning taqdiri Mirziyoyevga qiziqmi?


Andrey Kubatin
Andrey Kubatin

O'zbekistonda tarixchi olimlar Prezident Shavkat Mirziyoyev diqqatini qamoq jazosini o’tayotgan turkshunos olim Andrey Kubatin taqdiriga qaratmoqda. Kubatinni ozod etish chaqiriqlari bilan sal avvalroq xalqaro miqyosda ham yangragan edi.

Andrey Kubatinning taqdiri Mirziyoyevga qiziqmi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:53 0:00

Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Andrey Kubatin davlatga xiyonat qilishda aybdor topilib, avvaliga 11 yil qamoq jazosiga mahkum etilgan edi, biroq keyinchalik jazo muddati besh yilga o’zgartirildi. Kubatin va uni himoya qilayotganlar Davlat xavfsizlik xizmati yuritgan bu ish xolis ko’rib chiqilmagan, deya aytib keladi.

Toshkentdagi ayrim faollar va Andrey Kubatinning yaqinlari ham ijtimoiy tarmoqlari orqali Prezident Mirziyoyevga murojaat bilan chiqishmoqda. Mahkumning opasi Klara Saxarovaning aytishicha, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan yuritilgan tergov-surishtiruv davomida ukasiga nisbatan qiynoqlar qo’llangan, tahdid orqali iqrorlik ko’rsatmasi olingan.

“Ukam DXXga qarashli "Gvardeyskiy" tergov izolyatorida 5 oy saqlandi. Shu vaqt davomida unga nisbatan DXX xodimlari tomonidan ruhiy, jismoniy tazyiqlar qo’llandi. U hibsxonada yollangan odamlar tomonidan kaltaklandi. Bizga advokat olishga ham ruxsat berishmadi, sudda faqat davlat advokati qatnashdi”, - deydi prezidentga murojaat yo'llagan Klara Saxarova.

Rasmiy ayblovga ko’ra, sharqshunos olim Andrey Kubatin davlat sirlarini Turkiya fuqarosiga bir ming AQSh dollari evaziga sotgani uchun qamalgan. Xususan, Kubatinning "TIKA" agentligining Toshkentdagi rahbariga O’zbekistonning qazilma boyliklariga oid ma’lumotlarni, panturkiylik, milliy nizoni qo’zg’atuvchi adabiyotlardan iborat elektron kutubxonani sotgani aytiladi. Ayblovda bu adabiyotlarning Markaziy davlat arxivi va Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutidan olingani ta’kidlanadi.

Ammo sharqshunos olimning hamkasblari, safdoshlariga ko'ra, Kubatinga chiqarilgan hukm asossiz, chunki Turkiya fuqarosiga topshirilgani aytilayotgan elektron adabiyotlar ochiq manbalarda mavjud, ayrimlari olimning shaxsiy arxividan bo'lgan; bu adabiyotlar davlat sirlarini tashimaydi, panturkiylik, Turkiston g’oyalari esa taqiq ostida emas, deydi ular.

Sharqshunoslik institutida ishlagan Andrey Kubatin turkshunoslikka oid qator tadqiqotlar muallifi. U, asosan, turkiy xalqlar tarixi, tili, madaniyati doirasida izlanishlar olib borgan.

Andrey Kubatin himoyasiga chiqqan toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazirga ko’ra, olimga qo’yilgan panturkiylik ayblovining o’zi asossiz.

“Andrey Kubatinga qarshi ayblovda panturkiylik tilga olinadi, ammo bizdagi jinoyat kodeksida panturkiylik, Turkiston g’oyasi taqiqlangan, esktremistik harakat sifatida belgilanmagan. Qonunda nima belgilangan bo’lsa, shundan kelib chiqish kerak. O’zbekiston huquqiy davlat bo’lishi kerak, afsuski, huquq tartibot idoralarining o’zida huquqiy madaniyat yo’q, ayniqsa qonunni mukammal bilishi kerak bo’lgan prokuratura, sud idoralari vakillarida. Jinoyat kodeksida mavjud bo'lmagan moddalar sud mahkamasida jinoyat sifatida olib chiqilmoqda. Turkiston g’oyasi hech qayerda taqiqlanmagan, tarixda bor narsa, bu haqda Amir Temurdan boshlab barcha o’zbek ziyolilari gapirishgan, yozishgan. Unda ularni ham taqiqlashsin, Turkiston, turkchilik haqida gapirgani uchun”, - deydi Anvar Nazir.

Andrey Kubatinga doir jinoiy ish Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan yuritilgan, davlat sirlarini sotish, davlatga xiyonat qilish yuzasidan hukm chiqarilgan navbatdagi mahkamalardan biri.

Mudofaa vazirligining 2017- yilda ozodlikka chiqqan sobiq zobiti Erkin Musayev ham G’arb davlatlari foydasiga ayg’oqchilik qilishda ayblanib, 11 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan edi. Islom Karimov o'limidan so'ng O’zbekistonda hokimiyat almashgach, u siyosiy mahbuslar qatoridan chiqarildi.

Kubatin ustidan hukm 2017-yil dekabrida chiqarilgan edi, 2018-yilda bu ish shikoyat tartibida qayta ko’rib chiqilib, 11 yillik qamoq jazosi 5 yillik muddatga o’zgartirildi.

Andrey Kubatinning ishi nafaqat O’zbekistonda, balki xalqaro miqyosda ham norozilik bilan kutib olingan. AQSh, Germaniya, Britaniya, sobiq Sovet Ittifoqi davlatlaridan ilmiy jamoatchilik vakillari Prezident Mirziyoyevga ochiq xat yo'llagan. Unda olimga nisbatan qo’yilgan ayblov hamda sud hukmidan qatag’on yillarining isi kelayotgani ta’kidlanar ekan, prezidentdan tadqiqotchi, ilmiy xodimni ozod qilish so’ralgan. Keyinchalik, xuddi shu kabi murojaatlar O’zbekistondagi ilmiy doiralar tomonidan ham tashkil qilindi. Ammo hozirgacha bu murojaatlardan natija sezilgani yo’q, sharqshunos olim Andrey Kubatin hamon panjara ortida.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG