Qirg’izistonda narx-navo ko’tarilgan, yetishmovchilik sabab oziq-ovqat qimmatlab bormoqda. Yonilg’i narxi ham oshgan.
Kuzatuvchilarning aytishicha, ayniqsa janubiy Qirg’iziston ahli qish fasli oldidan ancha qiynaladi.
Un bahosi deyarli ikki baravar, o’simlik moyi 30 foiz, go’sht 20 foizga qimmatlagan. Yonilg’i esa uch oy mobaynida 30 foizga oshib, qariyb bir dollarga yaqinlashib qolgan.
“Bizning o’zbeklarda bir maqol bor, “ko’rpangga qarab oyoq uzat”, - deydi o’shlik uy bekasi. “Bu degani bizning sharoitimizda oyliklar yo’q, ish joylari to’xtagan. Odamlar eplab tirikchilik qilayapti hozir. Topgan puli bugun ro’zg’or tebratish uchun yetmaydi. Narxlar birdaniga ko’tarilib ketgan. Men kecha, masalan, 200 somga go’sht oldim. Uyga olib borib qarasam bir to’rg’am, nari borsa ikki kunga yetadi. Endi biz uni tejab, 3-4 kunga yetkazishimiz kerak. Go’shtni o’rnini to’ldirish uchun farzandlarimizga boshqa vitaminli biror narsa beraylik desak, meva-chevalarning ham narxi qimmat. Un ham birdaniga oshib ketdi”.
Un savdosi bilan shug’ullanuvchi firmalar qo’shni Qozog’istonda bug’doy narxi o’sganini ta’kidlaydi. Mamlakatga sifatli bug’doy aynan Qozog’istondan kirib keladi.
Davlat idoralari bug’doy uchun bojxona to’lovlarini pasaytirgan. Mulozimlar un narxining keskin ko’tarilishini asossiz deb hisoblaydi.
Qirg’iziston anti-monopoliya qo’mitasi un va un mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga narxlarni bir qadar tushirishni talab qilganiga qaramay, bu chaqiriqlar e’tiborsiz qolmoqda.
Ayrim qirg’izistonliklar narx-navoni davlat boshqarishi kerak deb hisoblaydi.
“Shunday tashlab qo’yish kerak emas buni. Tijorat qiladigan odammi, boshqami, narx-navoni kuzatib turadigan, yo’lga soladigan tuzilmalar kerak. Ko’chadan biror narsa olmoqchi bo’lsangiz dehqondan ololmaysiz. Olib sotarlar ko’payib ketgan. Dehqon o’z mahsulotini sota olmaydi. Dehqon bozorlari qolmagan hozir”, - deydi o’shlik ayol.
“Mashinadan tushishini kutib turishadi. Bermaganiga qo’ymasdan, zo’rlab, qo’lidan tortib olib, ayniqsa hozir “bergan pulimga shukr qil” deb ketayotganlar ham bor. Keyin u narsani ustiga xohlagan narxini qo’shib sotadi. Bozorlarda narx-navo haqida gapirsangiz, olmasangiz ketavering qabilidagi gaplarni eshitasiz”, - deydi suhbatdoshim.
Bularga qarshi davlat idoralari qanday chora ko’rishlari mumkin?
“Nazorat qilishsin”, - deydi u. “Bozorda savdo qilayotgan hatto bir tog’orani ham, bir qarich yerni ham egasi bor. Yuqori lavozim egalari, amaldorlar, rahbarlar oziq-ovqat mahsulotlarini bir xilda, odamlarga malol kelmaydigan darajada ushlab turishga harakat qilishlari kerak”.
Yonilg’i bahosining o’shishi o’z navbatida barcha mahsulot va maishiy xizmat narxlariga ham katta ta’sir o’tkazgan. Neft mahsulotlari bilan savdo qiluvchilar yonilg’i olib kelish qimmatga tushayotganini aytadi. Oddiy aholi esa maoshlar va nafaqalar qozon qaynatishga yetmayotganidan shikoyat qiladi.
“Ancha qiynaldik”, - deydi yana bir o’shlik. “Benzin narxi 39 som. Yo’lkira ham qimmat. Hammasi shu benzinni narxida. Kimlardir quya oladi, kimdir esa yo’q. Qimmatchilikka olib keladi-da bu”.
“Kambag’allarga qiyin bo’ldi. Ayrim oilalarning haftalab qozoni qaynamayapti. Bolalari ko’p. Erkaklarimiz hozir kundalik ishlarni zo’rg’a qilib yuribdi. Ertaga qish kelishi bor, o’tin jamlash kerak. Nafaqaxo’rlar ham bor”.
Qishga zaxira tayyorlayotgan uy bekalari meva va sabzavot narxlari cho’ntak chaqishini aytadilar.
“Mana bir kilo pomidorning narxi bahordan beri tushgani yo’q. Bolgarskiylar yana qimmat bo’lib ketdi. Sabzi narxi 25 som, bodring esa 35-40 som bo’lib ketyapti. Qishga tayyorgarlik ko’rish uchun ham pul kerak-ku. Endi kamroq qilamiz, shu”.
Xorijiy va mahalliy mutaxassislar kelayotgan qish va bahor Qirg’iziston iqtisodiyoti uchun qiyin kechishini ta’kidlamoqda.