Breaking News

Qirg’iziston Qozog’iston bilan aloqalarni mustahkamlash payida


Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayevning yaqinda Qozog’istonga qilgan safari va bu davlat rahbari Nursulton Nazarboyev bilan uchrashuvlari munosabatlarning yangi bosqichi sifatida baholanmaqda.

Qozog’iston Qirg’iziston bilan madaniy aloqalarni kengaytirar ekan, iqtisodiy taraqqiyot yo’lida 1 milliard dollar sarmoya kiritgan.

Almazbek Atambayev Ostonada bir necha muhim hujjatlar imzolandi. Jumladan, qirg’iz fuqarolarining Qozog’istonda uch oy bo’lishi imkoniyati, chegarada o’tish punktini ochish hamda sarmoya jamg’armasi tuzish borasida gap ketgan.

O’shda Qozog’istonning bosh vakolatxonasini ochish ham rejada.

Bishkeklik siyosatshunos, sobiq diplomat Orozbek Moldaliyevning aytishicha, Qozog’iston Qirg’izistonning yirik sarmoyachilaridan biri hisoblanadi. Ikki tomonlama munosabatlarning boshqa yo’nalishlarida ham siljishlar bor.

“Ikki mamlakat rahbarlari uchrashib, bir necha muammolarni yechib, sarmoyalar kiritamiz degani yaxshi belgi hisoblanadi. Qozog’iston avvalgi yillarda ham yirik yordam ko’rsatgan. O’lka janubini tiklash ishida, boshqa yo’nalishlarda o’z ko’magini ayamayapti. Buni aytib o’tishimiz kerak”, - deydy Moldaliyev.

Qirg’iziston sobiq davlat kotibi, taniqli diplomat va jamoatchilik arbobi Ishenboy Abdirazaqovga ko’ra, umuman olganda ikki mamlakat munosabatlari normal rivojlanmoqda.

“Ayni paytda, ayniqsa, iqtisodiy masalalarda barcha narsani aqlona asosga qo’yish darkor. Obyektiv shart-sharoit mavjud, ammo biz ulardan to’laqonli foydalana olmayapmiz”, - deydi u.

Suhbatdoshning aytishicha, ayniqsa, oqin suvdan foydalanish xususida tomonlar yakdil bir fikrga kelishsa yaxshi bo’lar edi.

Siyosatshunos Orozbek Moldaliyev qirg’iz-qozoq munosabatlaridagi muammolarga to’xtaladi.

“So’zda hamma narsa yaxshi, ammo amalda qator to’siqlar, kamchiliklar bor. Masalan, Qozog’iston boj Ittifoqiga kirganidan keyin bizning fuqarolarimiz uchun qator qiyinchiliklar tug’ildi. Ayniqsa, chegaradan o’tishda. Qozog’istondagi mehnat muhojirlarimiz ham ancha muammolarga duch kelmoqda. Muammolarga oddiy aholining dahli yo’q. Barcha narsa davlat tizimlari, amaldorlarga bog’liq. Qirg’iziston boj Ittifoqiga kirgandan keyin, foydami, zararmi, ko’ramiz, hozircha noma’lum”.

Aytish joizki, Qozog’iston biznesi qirg’iz iqtisodiyotida salmoqli o’rin egallaydi. Qirg’iziston bank-moliya tizimining sezilarli qismi va yirik tog’-kon kombinatlari, oziq-ovqat hamda qurilish korxonalari aynan Qozog’iston kompaniyalariga tegishli. Ayni paytda mahalliy mutaxassislar va’da qilingan iqtisodiy o’sish ko’zga tashlanmayotganini ta’kidlaydi va bu borada sarmoyadorlar mas’uliyatini oshirish kerak, deb hisoblaydi.

“Tomonlar munosabatlari teng asosga tayanishi kerak. Qirg’iziston tashqi investorlarga shart-sharoit tuzib berishi lozim. Sarmoyadorlarni himoya qiluvchi yangi qonunlar chiqarishimiz darkor, soliq imtiyozlari berish kerak. Ayni paytda tashqi investorlar ham Qirg’iziston manfaatlarini inobatga olishlari zarur. Ular bizning qonunlarga rioya qilishlari kerak, vaqtida barcha soliqlarni to’lashlari darkor”, - deydi suhbatdosh.

Ostonadagi uchrashuvlarda har ikki mamlakat rahbarlari hamkorlikni amaliy ishlar bilan to’ldirish lozimligini urg’ulagan. Ochilishi kutilayotgan 100 million dollarlik sarmoya jamg’armasi amaliy ishlardan biridir.

Tomonlar energetika, qishloq xo’jaligi, transport, tog’-kon va qayta ishlash sanoatida hamkorlikni kuchaytirish borasida kelishib olgan.

Mahalliy mutahassislarga ko’ra, Qozog’istonning yaqin o’rtada Jahon Savdo Tashkilotiga kirishi ikki mamlakat iqtisodiy aloqalarini yangi bosqichga olib chiqadi. Siyosiy jabhada esa pozitiv jarayonlar avvaldan shakllanib kelayotir va yaxshi natija berishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG