Breaking News

Qirg’iziston: Xorijda turmush qurib baxtini topayotganlar


Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, so’nggi yillarda Qirg’izistonda xorijiy fuqarolar bilan turmush qurish hollari ko’paygan. Kuzatuvchilar buni “fuqaroviy erkinliklarning ildiz otayotgani va mamlakatning tobora tashqi dunyoga singib ketayotgani” bilan izohlaydi.

Qirg’izistonda xorijlik kuyovlar ko’payib bormoqda/Muhiddin Zarif
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:28 0:00
Yuklab oling

Mutaxassislar xorij bilan quda-andachilikni progressiv jarayon deyishadi. Ammo boshqa fikrlar ham yo’q emas.

Aravonlik suratkash Salimhoji aka bugun tasvirga olgan kuyov bola chet ellik. Yoshlarga baxt tilar ekan, usta o’zi ham bir necha yil muqaddam to’ng’ich qizini olis xorijga uzatgan onlarini eslaydi.

“Katta qizimni Pokistonga kuyovga berganman. Yigit bilan O’shda tibbiyot oliygohida birga o’qishgan, bir birini yoqtirishgan”, - deya hikoya qiladi Salimhoji aka. “Kuyov bola juda yaxshi inson, qolaversa, Pokistonda musulmonchilik kuchli. Shuning uchun men farzandlarimiz bosh qo’shishiga rozilik berganman. Xudoga shukr, ikki bolali bo’lishdi, o’z sohalarida, tibbiyot sohasida faoliyat ko’rsatishyapti. Badavlat xonadonda kam-ko’stsiz yashashmoqda”.

Avvallari, aytaylik, Janubiy qirg’izistonliklar qiz bolani qo’shni o’lka u yoqda tursin hatto qo’shni tumanga ham ming o’y-sano bilan kuyovga uzatishar edi. Endi qo’rqmay-netmay jigarbandlarini olis dengizlar ortiga kuzatib qolishmoqda.

“Farzandlar ulg’aygach, o’z yo’lini o’zlari tanlashi lozim. Tan berish kerak – ular o’qimishli, aql-farosatli, izlanuvchan. Turmush sharoiti ham chet elda biznikidan yuqoriroq. Mehnat qilgan odam kam bo’lmaydi, munosib daromad topadi, yaxshi yashaydi”, - deya izohlaydi Salimhoji aka.

O’shlik Dilbarxon Ahmedova ko’p yillar mahalliy ipak kombinatida, ayollar jamoasida faoliyat ko’rsatgan. Hozirda xonadonning momosi. U qiz bola palaxmon toshi - qayerga tushsa, taqdirga tan berib, o’sha joyda toshday qotib yashab ketishi lozim, degan naqlni haq gap deydi. Ammo xorijga qiz uzatishning o’ziga xos qiyinchiliklari borligini ta’kidlaydi.

"Qizlarimiz Qirg’izistonda ishlayotgan xorijlik mutaxassislarga tarjimonlik qilib yurib, ular bilan taqdirini bog’lab olmoqda. Yoki oliygohda birga o’qiyotgan chet ellik tengdoshlari bilan. Ular xorij hayotiga havas qilishayapti”, - deydi Dilbarxon opa.

Suhbatdoshning aytishicha, chet elga kuyovga chiqqan qizlarning hammasi ham turmush sinovlari, o’zga muhit, olislik, ushalmagan orzular, turli qiyinchiliklarga dosh bera olmaydi. Oqibatda ajralish, so’qqaboshlik, bolalarning otasiz qolish hollari oz emas.

Ayni paytda xorijda o’z baxtini topganlar ham ko’p.

“Yaxshi yashab ketganlar ham talay. Ammo vatanda ota-onasi qolgan, aka-ukalari, sog’inch bor o’rtada. U yurtdan bu yurtga kelib ketish uchun katta mablag’ kerak. Puli bo’lsa-ku, yaxshi. Aks holda ota-onasining betobligida ham asqata olmayapti, ularni oxirgi safarga ham uzata olishmayapti”,- deydi u.

Dilbar opa fikricha, hech qanday zamonaviy aloqa vositasi – Skaypmi, boshqasimi, ko’z ko’zga tushib, mehr tovlanishiga yetmaydi.

“Biz, yani mahalliy aholi, tasavvuridagi quda-andachilik qilish haqida esa gap ham yo’q. Bordi-keldi bo’lmagach, qanday qudachilik haqida so’z yurishi mumkin?”, - deydi suhbatdosh.

O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev nazarida, ne bo’lsa-da, xorij bilan insoniy aloqalarning kuchayib borishi bu progressiv ko’rinish.

Olim ushbu ko’rinishni mustaqillik yillarida o’lka darvozalarining keng ochilishi, xalqaro aloqalarning kengayishi, demokratik qadriyatlar, jumladan, inson huquqlari rivoj topishi bilan bog’laydi.

“Bu kelajakli jarayon va uni hech qanday kuch bilan to’xtatib yoki cheklab bo’lmaydi. Hamma zamonlarda ozmi-ko’pmi olis yurtlar bilan qiz olib-berishlar bo’lgan. Ammo bizning davrda bu yaqqolroq ko’zga tashlanayapti. Inson huquqlari deganday, yoshlar o’zlari tanlab, turmush qurishayapti. Baxtini topishsin”, - deydi professor Anarbayev.

XS
SM
MD
LG