Breaking News

Kelasi oy Qirg’izistonga xalqaro politsiyachilarni kiritish tasdiqlandi


Qirg’iziston xavfsizlik kuchlari sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning ukasi Axmat Bakiyevni kecha Jalobobodda hibsga olgan. Hukumat bayonotiga ko’ra, Axmat Bakiyev so’roq paytida janubdagi qonli hodisalarga aloqador ekanini tan olgan.

Hozir janubdagi ahvol huquq himoyachilari, xalqaro tashkilotlar, xususan BMT Inson Huquqlari Kengashi diqqat markazida.

Kengash rahbari Navi Pillay O’sh va Jalolobodda asosan tongda o’tkazilayotgan reydlar o’zbek aholiga qarshi kampaniyaga aylangani, hozirgacha mingdan ziyod odam qamoqqa olingani haqida ishonchli dalillar bor deydi.

Bu ma’lumotlar shundan dalolatki, deydi BMT rasmiysi, muvaqqat hukumat vaziyatni nazorat qila olmayapti yoki huquqbuzarlikka ko’z yummoqda.

Bugun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Venada o’tgan majlisida a’zo davlatlar Qirg’izistonga politsiyachilar guruhini yuborish qarorini tasdiqladi.

52 kishidan iborat qurolsiz guruhning asosiy vazifasi Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligiga maslahatchilik qilish, janubdagi ziddiyatlarni yumshatish.

Missiya muhlati dastlab to’rt oy deb belgilangan. Ular kelasi oy Qirg’izistonga kiritiladi, ammo unga kim boshchilik qilishi hozircha noma’lum. Politsiyachilar soni keyinchalik ikki baravarga oshirilishi kutilmoqda.

Qirg’iziston rasmiylari zo’ravonlikdan bir oydan oshiq vaqt o’tgan bo’lsada O’sh va Jalolobodda aholi huquqlari poymol bo’layotganini tan oladi. “Hukumat janubdagi murakkab vaziyat oldida ojiz va yevropalik politsiyachilardan bu ishda yordam kutamiz”, - deydi prezident Roza Otunbayeva.

Xalqaro tashkilotlar va huquq faollari mamlakatga betaraf kuch kiritilishi barqarorlikka hissa qo’shadi, deb qarorni olqishlamoqda. Biroq muvaqqat hukumatning ayrim a’zolari, jumladan O’sh gubernatori Melisbek Mirzakmatov matbuotga bergan intevyularida tashqaridan qo’shin olib kirishga hojat yo’q demoqda.

Uning aytishicha, O’shning aksar aholisi yevropalik politsiyachilar shaharga kiritilishiga qarshi. “Men ular fikriga qo’shilaman, vaziyatni o’zimiz eplaymiz”, deydi Mirzakmatov. Ustuvor vazifa hozir shaharni tiklash, deydi O’sh gubernatori.

AQSh Davlat kotibining mintaqa bo’yicha muovini Robert Bleyk shu kunlarda O’shda bo’lib vaziyat bilan tanishgan. O’zbek aholi vakillari, faollar bilan gaplashgan. Uning aytishicha, qirg’in albatta tergov qilinadi - ham mahalliy komissiya, ham xalqaro hamjamiyat tomonidan.

Aholi xavfsizlik kuchlarining tazyiqlaridan nolib, Bishkekdagi rahbarlarni ular taqdiriga ko’z yumayotganlikda, o’zbeklarni kamsitirish siyosatini davom ettirayotganlikda ayblamoqda. 

XS
SM
MD
LG