Breaking News

Qirg’iziston janubida favqulodda holat, ellikka yaqin odam o’lgan


Qirg’iziston rasmiylari bergan ma’lumotga ko’ra, O’sh viloyati va uning atrofida ro’y bergan tartibsizliklarda kamida 45 kishi halok bo’lgan, 600 dan ortiq fuqaro yaralangan.

Mamlakat janubidagi xalq, qirg’iz va mahalliy o’zbek yigitlari o’rtasidagi janjal etnik nizolarga aylanishi mumkin. Qirg’iziston hukumati viloyatga harbiylarni yuborib, favqullodda holat e’lon qilgan. Aholiga soat 6 dan keyin ko’chaga chiqish taqiqlangan. Nizo nima sabab bo'lgani aniq emas.

Human Right Watch inson huquqlari tashkilotining O’shdagi vakili Andrea Bergning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, xalqaro tashkilotlar idoralari yopiq. Xizmatchilariga uyda qolish maslahat berilgan. Davlat idoralari, banklar ham yopiq. Jamoat transporti vaqtincha to’xtatilgan.

Asosan yoshlardan iborat olomon O’shdagi binolar, kafe, restoran, idoralar va mashinalarga o’t qo’ygan, do’kon va bizneslar talon-taroj qilingan. O'sh va boshqa shaharlarda komendant soati joriy etilgan.

Muvaqqat hukumat rahbari Roza Otunbayeva xalqqa televidenye orqali murojaat qilib, birdamlik va osoyishtalikka chorlar ekan, ayrim “kuchlar” shu oy oxiriga rejalangan referendumni izdan chiqarishga harakat qilayapti, degan. Hukumat vakillari vaziyatni muhokama qilish maqsadida O’shda mahalliy rahbarlar bilan uchrashgan.

O’shdan kelayotgan ma’lumotlarga qaraganda, vaziyat tarang. Qirg’izlar ko’pchilikni tashkil etuvchi qishloqlardan mahalliy o’zbeklar boshqa joylarga ko’chish harakatida.

Mahalliy aholi bu voqealar haqida faqat davlat televideniyedan ma’lumot olayotgani aytiladi. Mustaqil radio televideniyelar faoliyati vaqtincha to’xtatilgan.

O’shda bugun ro’y bergan nizolardan mahalliy o’zbeklar xavotirda. Hali tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko’ra, chegaradagi ayrim qishloqlardan keksalar, ayollar va bolalar O’zbekiston hududiga o’tishga harakat qilyapti.

Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti anjumanida qatnashgan rahbarlar Qirg’izistondagi vaziyatdan tashvish bildirmoqda. Rossiya va Xitoy prezidentlari Dmitriy Medvedev va Xu Tsintao janubda tartibni tiklash uchun muvaqqat hukumatga yordam va’da qilgan. Mintaqaviy xavfsizlik, xususan Qirg'izistondagi ahvol, Shanxay sammiti kun tartibidagi bosh mavzu bo'ldi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bugun Qirg’izistondagi vaziyat yuzasidan bayonot chiqarib, tomonlarni bosiqlikka da’vat etmoqda. "Xunrezlik darhol to’xtatilishi, kelishmovchiliklar dialog-muzokara yo’li bilan hal etilishi lozim", - deydi Pan Gi Mun.

AQShning Bishkekdagi elchixonasi hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti mojaroni tinch yo’l bilan hal etish zaruriyatini uqtirgan. Yevropa tashkilotiga ayni damda Qozog'iston rais.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG