Breaking News

Tahlilchilar: Islohotlar amalga oshirilmasa, Qirg'iziston uchinchi inqilobga yuz tutadi


Vashingtondagi Gudzon Institutida Qirg'iziston siyosati mavzusida yig'ilish, 6-iyul, 2011-yil
Vashingtondagi Gudzon Institutida Qirg'iziston siyosati mavzusida yig'ilish, 6-iyul, 2011-yil



Qirg'iziston so'nggi 20 yilda ikki bor etnik zo'ravonliklarni, oxirgi olti yilda ikki marotaba inqilobiy o'zgarishlarni boshdan kechirdi. Parlament tizimiga o'tgan respublika prezident saylovlariga tayyorgarlik ko'rar ekan, mamlakat siyosiy kelajagi mavhumligicha qolmoqda. Vashingtonda o'tgan bir tadbirda amerikalik va qirg'izistonlik mutaxassislar respublikadagi siyosiy jarayonlarga o'z qarashlarini bildirdi.

Tahlilchilar Qirg'izistondagi jarayonlarni murakkab deya baholaydi. Bir tomondan mamlakat miqyosida islohotlar, taraqqiyotga moyillik va intilish bor. Boshqa tomondan tizim rejani amalga oshirishga tayyor emas. 2010-yil aprel inqilobdan so'ng avtoritarizmga barham berish maqsadida parlament tizimiga o'tildi. Ammo oktabr oyida saylangan qonunchilik organining samarasi hozircha ko'rinmayapti. Bunga ma'lum sabablar bor, deydi bishkeklik siyosatshunos Sherodil Baktigulov.

"Umuman olganda parlament ichida, qo'mitalararo faoliyat yo'lga qo'yilmoqda. Muammo parlamentning boshqa davlat organlari bilan munosabatlarida. Bosh vazir, prezident idoralari bilan. Boshqa bir muammo qonunchilik organidan tor manfaatlari yo'lida foydalanmoqchi bo'lgan shaxslarda".

Sherodil Baktigulovning aytishicha, katta biznesning hukumat bilan qorishib ketishi oqibatida iqtisodiyotning yirik sohalarida monopoliyalar vujudga kelib, taraqqiyotga yo'l to'sildi. Biznesga egalik qiluvchi rasmiylar boshqa tadbirkorlarning rivojlanishini istamaydi. Natijada ommaning davlatga ishonchi yo'qolib, odamlar ba'zi muammolar yechimida jinoiy guruhlar yordamiga tayanmoqda.

Davlat tizimining samarasizligi va idoralarining layoqatsizligi, deydi yana bir qirg'izistonlik mutaxassis, 2010-yil O'sh voqealariga sabab bo'ldi. Seyitbek Usmonov, ayniqsa Ichki ishlar vazirligini tanqid qiladi. Huquq tartibot organlarini "huquq buzg'unchi idoralari" deb ataydi.

"So'nggi inqilobdan keyin hech narsa o'zgarmadi. 2005-yilda ham ayni ahvol kuzatilgan edi. So'nggi 20 yilda siyosiy sahnada bir xil odamlarni ko'rish mumkin. Iqtisodiyotda ham tub islohotlar bo'lmadi".

Seyitbek Usmonovning aytishicha, 2005-yil va 2010-yil inqiloblari tepasida ayni odamlar turgan, hokimiyatda hamisha ayni shaxslar bo'lgan. Ulardan islohotlarni kutmaslik kerak, mamlakatni yangi avlod boshqarishi lozim, deydi Usmonov.

Qirg'izistonda fuqarolik jamiyati, nodavlat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiluvchi AQSh Demokratiya jamg'armasi vakili Miriam Lanskoyning aytishicha, mavjud muammolarga qaramay yutuqlar ham yo'q emas.

"Bakiyev davriga qaraganda jamiyatda qo'rquv, repressiyalar kamroq, fuqarolik jamiyati faollashgan, kasaba uyushmalari, yoshlar harakati jonlangan. Etnik to'qnashuvlar paytida inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar a'lo ishladi. Millatidan qat'iy nazar qurbonlarga yordam berdi, o'zaro hamkorlik qildi".

Miriam Lanskoy deydiki, 2010-yil parlament saylovlari Markaziy Osiyoda eng ijobiy jarayon bo'lib, teng kurash, erkin va adolatli ruhda o'tdi. Besh siyosiy partiyaning barchasi parlamentdan joy oldi. Albatta, inqilobdan so'ng muvaqqat hukumatni qo'llab-quvvatlab, siyosiy o'yinlar qurboniga aylangan o'zbek arboblaridan tashqari, deydi nodavlat tashkilotlarga grant beruvchi jamg'arma vakili.

Qirg'izistonda prezident saylovlari shu yil oktabriga belgilangan. Parlament vakolatlari kengaygan bo'lsa-da, prezidentlik hali ham jiddiy kuch, deydi Vashingtondagi Jons Xopkins universiteti ma'ruzachisi, asli o'shlik Alisher Hamidov.

"Davlat milliy xavfsizlik qo'mitasi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa ayrim organlar prezidentga bo'ysunadi".

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada g'alayonlar, avtokratik rejimlarga qarshi kurash davom etar ekan, ayrim mutaxassislar nazarida Qirg'izistonda tilga olingan muammolar hal etilmasa, respublika uchinchi inqilobga yuz tutishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG