Breaking News

Qirg’iziston-O'zbekiston: Yangi yilda ulkan o'zgarishlar kutilmoqda


24-dekabr kuni Qirg’iziston Prezidenti Almazbek Atambayev ish safari bilan O’zbekistonda bo’ldi. Samarqandda u Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida marhum yurtboshi Islom Karimovning qabrini ziyorat etib, Qur’on tilovat qildi.

Rasmiy xabarlarga ko’ra, ikki davlat rahbarlari uchrashuvi paytida dolzarb masalalar muhokama qilingan. Jumladan, tegishli idoralarga bir oy ichida chegara muammolarini ko’rib chiqish vazifasi topshirilgan.

“Amerika Ovozi” Qirg’iziston parlamentining deputati Anvar Ortiqovni suhbatga chorlab, ikki mamlakat munosabatlarida ko’zga tashlana boshlagan o’zgarishlarni sharhlab berishni so’radi.

“Bosh vazirimiz yetakchiligida delegatsiyamiz Samarqandda marhum yurtboshi Islom Karimovni oxirgi safarga uzatish marosimida bo’lganida “aloqalarni o’nglaymiz, chegara masalalarini hal qilamiz”, degan gaplar yurgan edi. Va tez kunlarda Unkurtog’ atrofidagi mojaro barham topgandi. Menimcha, ishlar o’sha aytilgan ijobiy yo’nalishda ketayapti”, - deydi Ortiqov.

“Mana, ikki davlat rahbari muloqoti paytida Xitoy-Qirg’iziston-O’zbekiston temir yo’li loyihasi xususida, chegarani xatlashni tezlatish borasida so’z bo’ldi. Nazarimda, munosabatlarimiz tez orada yaxshi yo’lga tushib qoladi”, - deya davom etadi deputat.

Har ikki prezident keyingi bir necha oy ichida aloqalarni rivojlantirish uchun zamin tuzilganini ta’kidladi.

Ayni paytda amaliy siljishlar ko’rinmayotgani, ayniqsa, chegaradan o’tish, o’zaro qatnovlarni amalga oshirishda muammolar saqlanib qolayotgani ham ma’lum. Ko’pchilik yangi yildan boshlab jiddiy o’zgarishlar yuz berishidan umidvor.

“Har narsa tezlik bilan ishga oshishi qiyin. Ozmi-ko’pmi vaqt kerak. Menimcha, chegara masalalarini hal qilib olsak, hamma narsa o’z o’rniga tushib qoladi”, - deydi arbob bunday arzlarda javoban.

Uningcha, tomonlarning barcha jabha-sohalarda tig’iz hamkorlik qilishlari uchun imkoniyat ko’p.

“Aytaylik, Qirg’iziston ulkan suv-energetika potensialiga ega. Lekin yakka o’zi tegishli inshootlar barpo etishi mushkul. O’zbekiston, Qozog’iston, Rossiya suv-elektr stansiyalari qurishga o’z hissasini qo’shishdan manfaatdor bo’lishlari mumkin”, - deydi Anvar Ortiqov.

Keyingi oylarda rasmiy Bishkek hamda Toshkent aloqalarni keskin jonlantirish maqsadini urg’ulab kelmoqda. Suhbatdosh deydiki, buning uchun hozirda siyosiy iroda mavjudligi - eng muhim omil.

XS
SM
MD
LG