Breaking News

Tojikiston jamoatchiligi: Qirg'izistonda xalq yana bir bor aldandi


Qirg’iziston bilan qariyb ming kilometr chegaraga ega bo’lgan Tojikiston uchun qo’shni mamlakatda o’tgan o’zgarishlar izsiz ketmaydigan ko’rinadi.

Ayrim tojikistonliklar qo’shni davlatda o’zgarishlar hali davom etadi degan fikrda. Ko’pchilik uchun Qirg’izistondagi vaziyat kelajagi noaniq. Ba’zilar esa Qirg’izistondagi muvaqqat hukumatni yoqlamaydi.

Qirg’izistonning Laylak nohiyasida tug’ilib-o’sgan, hozirda Tojikistonning G’onchi nohiyasida yashovchi sobiq o’qituvchi Otabek Karimov qo’shni respublika aholisi hukmdorlarga qarshi chiqib to’g’ri qilmadi deydi. U yerdagi sharoit noaniqligida xalqning o’zi aybdor deb hisoblaydi.

Ko’p yillar Qirg’izistonda istiqomat qilgan Otabek aka fikricha, Qirg’iziston xalqi oldida hali yana bir emas, bir necha hukumat o’zgarishlari turibdi. “Qirg’izistonda yana bir tala-to’p bo’lsa ajablanmasdim”, - deydi u.

Tojikiston Islom Uyg’onish partiyasi Spitamen nohiya bo’limi raisi Sayfiddin Tojiboev Qirg’izistonda o’zlarini hokimiyatga keltirganlarni, muvaqqat hukumatni yoqlamaydi.

“Avallari Qirg’izistonda ahvol demokratik, hukumati adolatli degan ravishda borayotgandi. Lekin keyingi holatlarda buning aksi bo’lib chiqdi. Chunki Qirg’iziston vaqtli hukumati o’zini hukumatga kelishiga sababchi bo’lgan kishilarni chetlatib, bu o’sha mansabdorlarni yana xalqni qo’zg’atishiga, xalqni noroziligiga sabab bo’ldi. Bu faqat Qorg’iziston prezidenti Bakiyevga taalluqli emas, butun hukumatni ishchilarini ular hukumatdan, mansabdan chetlatdi”, -deydi u.

Bu partiyaning So’g’d viloyat bo’limi boshqaruvi a’zosi Shavkati Muhammad nazarida Qirg’izistondagi o’zgarishlarda Rossiyaning ta’siri bo’lgani aniq.

“Qirg’iz birodarlarimiz xorijning firebu-nayranglari tufayli Tojikiston boshidan o’tgan fuqaro urushi tajribasidan ogoh bo’lishlari kerak bo’ladi. Qirg’izistonda o’tgan navbatdagi davlat to’ntarishi ham chetdan kiritildi. Masalan, meni fikrimcha, harchand boshqacha gapirsalarda, Rossiya bunga sherik edi. Bir qancha vaqt ilgari u yerga harbiylarini keltirgan Amerikaga Rossiya “men bilan o’ynashma, bu yer mening territoriyam” qabilidagi tahlikalarni ko’rsatib qo’ydi. Fuqarolarining gunohi bo’lmagan mintaqada xorijliklarning “men bilan o’ynashma”lari foydalanilayotgan bu tajribalar mintaqa uchun endi kerak emas. Qo’shnilarimiz endi bu kabi ko’rinishlarga yo’l qo’yishmaydi, xorijning firebu-nayranglariga boshqa uchmaydilar, sarosima bo’lmaydilar deb umid qilaman”, - deydi Shavkati Muhammad.

Lekin bunday fikrlarga hamma ham qo’shilavermaydi. Masalan, ilgarilari hisobchi bo’lib ishlagan bir tojik ziyolisining fikricha, Qirg’izistondagi davlat to’ntarishida Rossiyaning daxli yo’q. Qirg’izistondagi voqealar qo’shni davlatlar fuqarolariga dalda bo’lishi kerak, deydi u.

“Siyosatni tushunuvchi, fikr-andeshali odamlar erksevar xalq qanday bo’lishini bilishadi, o'zlari uchun kurasha biladilar. O’zining ozodligi, kunlik shart-sharoiti uchun kurashuvchi qo’shnilarning bu kabi ko’tarilishi Markaziy Osiyo xalqi uchun bir dalda bo’ladi deb o’ylayman”, - deydi suhbatdosh.

Tojiboevning fikricha, Qirg’iziston xalqi bu holatda yana bir marta aldandi.

“Chunki hukumatga xalqni g’amida, xalqni tashvishida, muhabbatida bo’lmagan kishilar kelmaguncha bunday holatlar takrorlanaveradi. Bu qilgan xatolari, bu - xalqni aldangani. Xalqqa bu holatlarda foyda bo’lmaydi, aksincha, ko’proq ziyon bo’ladi”, - deydi S. Tojiboyev.

Tojikistonning Jabbor Rasulov nohiyasi bilan chegaradosh Qirg’izistonga qarashli Sulukta shahridan Sardor ismli ziyoli “bizni respublikada bo’lgan bu to’ntarish ayniqsa sizlarga, sizlarning rahbarlarga saboq bo’lishi kerak. Rossiya telekanalidan ko’rsatilgan ba’zi lavhalar aynan qo’shnilarga namuna sifatida ko’rsatilganiga shubham yo’q” deydi.

Qo’shni deb Qozog’istonni ham, O’zbekistonni ham tushinish mumkin-ku degan luqmaga Sardor “Rossiya O’zbekistonda bunaqa ishga qo’l urmaydi. Qozog’istonda ham. Ruslarni jig’iga tegib turgan faqat Tojikiston qoldi” deb javob qiladi.

Nomini bildirishni istamagan tojikistonlik mustaqil tahlilchiga ko’ra, Qirg’izistondagi o’zgarishlar O’zbekiston uchun pozitiv ahamiyatga ega. Yangi tuziladigan hukumat Rossiya yo’rig’ida bo’lishi aniq bo’lib bormoqda.

“Yaqin vaqtgacha Tojikiston va O’zbekiston orasidagi tarang vaziyatda Qirg’iziston go’yoki Tojikiston tarafidek ko’rinardi. Endi esa bu ko’rinish yo’qoldi. Chunki mintaqada ichki va tashqi gidroenergetik siyosat sabab taranglashgan munosabatlarda Tojikiston yaxshi bir ittifoqchisini yo’qotdi”, - deydi tojikistonlik mustaqil o’zbek tahlilchisi.

XS
SM
MD
LG