Breaking News

Xalqaro Amnistiya: Qirg’izistondagi fojeani tergov qilish yillar talab qilishi mumkin


Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti Qirg’iziston janubidagi xunrezlikni samarali taftish qilish uchun qator tavsiyalar bilan chiqqan. Tergov natijalariga qarab ikki xalq o’rtasida murosa haqida gapirish mumkin, deydi mutaxassislar.

Qirg’iziston janubida iyun oyida sodir etilgan etnik zo’ravonliklar oqibatida yuzlab odamlar nobud bo’lgan, minglab kishilar boshpanasiz qolgan, vaziyat yaxshilanishiga mahalliy o’zbeklarda ishonch va umid kam.

Xalqaro mustaqil tergov zarurati haqida ko’p gapirilmoqda, ammo shu kunga qadar buning uchun na komissiya tashkil etildi, na Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va’da qilgan xalqaro politsiya guruhi ish boshladi.

Qirg’iziston hukumati tuzgan tergov komissiyasiga esa o’zbeklarda ishonch yo’q. O’sh va Jalol-Oboddan olinayotgan xabarlardan ma’lum bo’lishicha, zo’ravonlik qurbonlari ham, qirg’iz xavfsizlik kuchlari reydlariga uchrayotganlar ham bir millat vakillari – o’zbeklar.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti nazarida tergov natijalari hech kimda shubha uyg’otmasligi uchun bunday mas’uliyatli ishni chet el mutaxassislariga topshirish lozim.

“Xunrezliklarga Qirg’iziston xavfsizlik kuchlarining aloqadorligi haqida ma’lumot borligini inobatga olib, huquq-tartibot organlari asosan qirg’iz millatiga mansub fuqarolardan iborat ekanini hisobga olgan holda taftishni na bu millat vakillari va na Qirg’iziston hukumatiga aloqasi bor xalqaro mutaxassislardan iborat guruhga topshirish kerak. Biz bu haqda 17-iyundan beri bong urib kelamiz”, - deydi tashkilot xodimi Meyzi Vaysherding.

Jamiyatda adolat qaror topmas ekan o’zbeklar va qirg’izlar samimiy murosaga kelishi qiyin, deydi ba’zi kuzatuvchilar. Biroq rossiyalik tahlilchi Sergey Gradirovskiyning kecha internetdagi maqolasida fikr bildirishicha, hokimiyatga arang kelgan Roza Otunbayeva hukumatiga adolat kerak emas. Yangi rejim xavfsizlikni ta’minlash o’rniga yangi konstitutsiya bo’yicha referendum uning uchun muhimroq ekanini namoyish etdi, deydi u.

Gradirovskiy va boshqa tahlilchilar nazarida ilk qirg’iz ayol prezidentida mamlakatdagi siyosiy kuchlarga ta’siri cheklangan. Bu esa har qanday tergovga pand berishi mumkin. Buni yaqinda Xelsinki Komissiyasi tinglovida AQSh davlat kotibining Markaziy Osiyo bo’yicha muovini Robert Bleyk ham tilga olgan edi.

“O’shda inson huquqlari faollari, o’zbek jamoasi yetakchilarining hibsga olinayotgani va, hattoki, qiynoqlarga solinayotgani haqidagi xabarlar tashvishga molik. Shahar hokimining millatchi siyosati bo’yicha ko’plab shikoyatlar tushgan”, - degan edi AQSh rasmiysi.

Xalqaro Amnistiya tavsiyalarida aytilishicha, tergovni samarali o’tkazish uchun Qirg’izistonda malakali kadrlar yetishmaydi.

“Mamlakatda tajribali kriminalistlar, barmoq izlari, ashyoviy dalillar bilan ishlaydigan mutaxassislar kam. Bu kabi tergovni yuqori saviyada olib boradigan idora tanqis. Otunbayeva xalqaro tergovga ehtiyoj borligini aytish bilan birga ba’zi siyosatchilarga tishi o’tmasligini tan oladi”, - deydi Meyzi Vaysherding.

Qirg’izistonlik o’zbeklarning shikoyat qilishicha, xunrezlikdan keyingi davr mobaynida qirg’iz xavfsizlik kuchlari o’zbek xonadonlariga kirib, qurol va qoradori tashlab qo’yib, barcha aybni ularga to’nkamoqchi. Human Rights Watch xalqaro tashkilotining bildirishicha, xunrezlikka tegishli foto va videomateriallar to’plash bilan shug’ullangan inson huquqlari faollarini qamab, qiynoqlarga solib, ashyoviy dalillarni yo’qotish kampaniyasi avjida.

Biroq, deydi Xalqaro Amnistiya eksperti Meyzi Vaysherding, oyni etak bilan yopib bo’lmaydi. Tergov bir necha yildan keyin o’tkazilsa ham, haqiqat yuzaga chiqadi.

“Ba’zi davlatlarda tergov jinoyatdan yillar o’tib o’tkazilganiga qaramay, adolat qaror topgan. Masalan, Bosniyaning Srebrenitsa shahridagi 1995-yil qatliomini eslang”, - deydi Vaysherding.

2004-yilda BMT xalqaro tribunali, 2007-yilda esa Xalqaro jinoiy sud Srebrenitsada serblar bosniyalik musulmonlarga qarshi genotsid qilgan, deb tan olgan. Kecha esa BMTning Ruandadagi qatliom bo’yicha ish yurituvchi tribunali sobiq rasmiylardan birini 1994-yilgi genotsidga aloqadorlikda aybdor deb topib, 25 yil qamoq jazosiga mahkum etdi.

Muhimi, deydi Meyzi Vaysherding, ashyoviy dalillarni saqlab qo’yish. Internet va ilg’or texnologiyalar rivojlangan zamonda esa bu qiyin emas.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG