Breaking News

Janubdan o’zbeklar, hatto qirg’izlar ko’chib ketishga harakat qilmoqda


Qirg’iziston janubida aholi xunrezlik paytida vayron bo’lgan uy-joy va savdo markazlarini asta-sekin tiklashga kirishmoqda.

Qaltis siyosiy va iqtisodiy vaziyat yangi mojaroga zamin hozirlashidan tashvishlangan ba’zilar mamlakatni tark etish haqida o’ylanib qolgan. Biroq buning uchun kuyib ketgan yoki yo’qolgan hujjatlarni tiklash zarur.

“Ko’p odamlar “status bejensa” qanday olish mumkin deb so’rashyapti. Rossiyaga borsam-da, “bejenets” holida emas, faqat ishlab, yashab qaytib kelsam bo’ladimi, degan savollar berishadi”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda yuristlardan biri.

“Yuristlar dokumentlar bilan yordam berayapti hozir odamlarga. Ko’pining hujjatlari kuyib ketgan”, - deydi u.

“Bundaylar vaqtincha pasport olishyapti pasportniy stoldan. Lekin bu dokument bilan chet elga chiqish qiyin, shuning uchun kutishga to’g’ri keladi bunaqalarga. Pasporti borlar esa qayerga borib ishlasam bo’ladi deydi. Bir-ikki yilga ketsam deydi-da”.

“Ketayotganlar, qirg’izlarning o’zi ham bu yerda siyosiy vaziyat tinchiguncha boshqa yerda bo’lib turgan ma’qul deydi. O’sha voqealardan keyin odamlar bir-biriga ishonmay qo’ygan, qirg’izlar ham, o’zbeklar ham bir-biriga jinday boshqacha qaraydi hozir. Faqat mana uch-to’rt kundan beri sal tinchlanib, bir-birimizning ko’zimizga spokoyniy qaray olayapmiz endi-endi”, - deydi qirg’izistonlik advokat.

Janubda mahalla oqsoqollari, rahbarlar el orasida tinchlikni targ’ib qilishga urinmoqda. Yoshlarga nasihat berib, harakat qilishayapti. Lekin, deydi suhbatdoshlar, faqat vaqt o’zi davolaydi yuraklarni.

“Hozir eng muhimi odamlarning kuyib ketgan uylarini tiklash. Hujjatlarni tiklash lozim. Afsus endi, o’lganlar o’lib ketdi, qolganlarga yordam berish kerak. To’g’ri, gumanitar yordam yetib kelayapti, biroq odamlar ruhan, psixologik jihatdan reabilitatsiya qilinishi, o’ziga kelib olishi lozim. Hamma, hamma mana shunga muhtoj. Hatto uylari bor odamlar ham asablarini joyiga keltirishi darkor”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG