Qirg’izistondagi Ayollar muhokama klubi yaqinda AQSh Demokratik Institutining Madlen Olbrayt (Madeleine Albright) mukofoti bilan taqdirlandi. Ushbu grant xotin-qizlarni birlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan loyihaga sarflanishi kerak.
Qirg’izistonda davlat va nodavlat muassasalari qiz-juvonlar huquqlari va manfaatlari yo’lida nima qilmoqda?
Ayollar muhokama klubi AQSh ko’magida olti yil muqaddam tashkil topgan. Maqsadi - turli siyosiy kuchlar va millatlar vakilalarini birlashtirish va o’lka miqyosida qiz-juvonlar manfaatlarini muhofaza qilish.
“Avvaldan bizning asosiy ishimiz ayollarni qaror qabul qilish darajasiga olib chiqish edi. Chunki hokimiyatga kirmasdan biron narsani hal qilish amri mahol. Qilingan ishlar natijasida klubimiz a’zolaridan olti nafari mamlakat parlamentiga saylandi”, - deydi tashkilot rahbari Dinara Aytqulova.
Suhbatdoshga ko’ra, olingan grant parlamentdagi turli siyosiy partiyalar vakilalari birlashmasini tuzishga yo’naltiriladi.
“Bilasizmi, ularning har biri mustaqil ravishda ayollar masalalari borasida nimadir qiladi. Biz ularni birlashtirishni maqsad qildik, toki sezilarli samara bo’lsin”, - deya davom etadi Aytqulova.
Taniqli qirg’iz adibasi, “Umay Ene” siyosiy partiyasi yetakchisi Salima Sharipova o’lkada ayollar haq-huquqlari poymol etilishi hollariga e’tibor qaratadi.
“Oxirgi yillarda Qirg’izistonda qizlarni olib qochish hollari ko’paygan. Menimcha, bu juda og’ir jinoyat. Bunday ko’rinishni to’xtatish kerak. Ayni paytda oiladagi zo’ravonliklarga chek qo’yishimiz darkor. Davlat tizimlarida ishlash uchun ayollar o’z nomzodlarini ko’rsatish amaliyoti ancha o’nglandi. Ammo hozirgacha qiz-juvonlarni chet o’lkalarga sotish hollari ozaymagan. Kimsalar 18-25 yoshdagi qizlarimizi aldab, ularni sotib kun ko’rishyapti. Faoliyatim davomda bunday qizlarni juda ko’p uchratdim”, - deydi Salima Sharipova.
Bishkekdagi Ayollar muhokama klubi tashabbusi bilan ayrim qonunlarga o’zgartirishlar kiritilgan. Tashkilot davlat miqyosida gender masalalari bo’yicha komissiyalar faoliyatini tiklash tashabbusi bilan chiqmoqda.
Har ikki suhbatdosh ayollar haq-huquqlari masalalarida qiz-juvonlarning o’zlari ham, ayni paytda davlat ham jonbozlik ko’rsatishi zarurligini ta’kidlaydi.
“Ayollarimiz orasida birdamlik yetishmaydi. Axir barchamiz birlashsak mamlakat parlamentiga ko’proq o’z vakilalarimizni yo’llasak bo’ladi. Yaxshiki, partiyalar ro’yxatida ancha ayol nomzodlar bor ekan, parlamentimizda ayol deputatlar ham joy oldi. Gender masalalarini yechish uchun davlatimiz, qolaversa, erkaklarimiz ham ayollarni qo’llashi kerak. O’shandagina qiz-juvonlarimizning haq-huquqlarini himoya qilish masalasida ijobiy o’zgarishlar bo’ladi”, - deydi Salima Sharipova.
“Ayollarning o’zlari faol bo’lmasa, ish siljimaydi. Va albatta, davlat ishtiroki zarur”, - deya qo’shadi Dinara Aytqulova.
Kuzatuvchilar fikricha, Qirg’iziston parlamentida ayollar safi ma’lum qadar kengaygan bir paytda, quyi boshqaruv tizimlarida qiz-juvonlar soni, aksincha, ozaygan. Demak, joy-joylarda ham tashabbuskor tashkilotlarga ehtiyoj bor.
Dunyo bo'ylab xotin-qizlar ahvoli haqida ma'lumot
Manba: Jahon Banki
- Ayollar global ishchi kuchining 40 foizdan oshig'ini tashkil etadi.
- Deyarli barcha mamlakatlarda qizlar boshlang'ich maktabda o'qish imkoniyatiga ega. Maorif va ta'lim sohasida og'il bola va qizlarga teng qarab, birdek o'qitish jadal tarzda rivojlanib bormoqda.
- 1980-yildan beri ayollar dunyoda erkaklarga qaraganda uzoqroq yashashi kuzatilmoqda.
- Hech bir jamiyat ayolning iqtisodiy va siyosiy ishtirokisiz rivojlana olmasligi qayta va qayta isbotlangan fakt.
- Qullikka majburlanayotganlarning aksariyati - xotin-qizlar.
- Ko'plab jamiyatlarda ayollarga kam maosh to'lanadi. Ish joyida jinsiy kamsitish hollari kuzatiladi.
- Ko'plab jamiyatlarda ayollar qaror qilish imkoniyatiga ega emas. Ular o'z hayotini o'zi nazorat qilmaydi.
O'sh: Hayot quvonchlari va tashvishlari