Breaking News

Andijonda talabalar, mutaxassislar birinchilardan bo’lib yordamga oshiqdi


O’zbekiston xalqaro tashkilotlar ko’magida qochqinlarga yordam berar ekan, Andijon ahli ham bunga hissa qo’shmoqda. Lekin chegaradagi ahvol shahar turmushi, savdo-sotiqqa ziyon qilayotgani ma’lum.

Andijondagi tibbiyot oliygohlari talabalari, “UZDAEWOO” korxonasi xodimlari qochqinlarga yordam beraman deb aeroportga chiqib, gumanitar mahsulotni tashigan. Ularni mashinalarga yuklashga ko’maklashgan.

“Shahar aholisi odamlarga o’z uyini bo’shatib berishdan ham toymadi”, - deydi andijonlik ziyoli.

“Andijon O’sh bilan chegaradosh bo’lgani uchun savdolarimiz ham bir-biriga chambarchas bog’liq. Qirg’indan keyin chegara yopildi, narx-navo oshib ketdi.

"O’zbeklar Qirg’izistonga, qirg’izlar O’zbekistonga o’tib savdo qilar, tirikchilik qilardi-da! Bu batamom to’xtadi”, - deydi u.

"Andijon ahlining kayfiyatidan bilsa bo’ladi ahvolni, hamma ma’yus tortib qolgan bu fojeadan".

“Aytishlaricha, qochqinlarning uylariga “Sartlar, qaytib kelmang!” deb yozib ketishgan emish. Bu nima degan gap? Qirg’iz xalqi o’zbeklarni negadir sig’dirmayapti. Tushunmadim, qanday xalq bo’ldi bu? Menimcha, xalqaro tashkilotlar – BMT va boshqalar vaziyatni tergov qilib, adolat o’rnatishi, jinoyatchilarni jazolashi kerak. Biz Andijon ahli, O’zbekiston xalqi shuni istaymiz”, - deydi ziyoli.

Qirg’izistonda shu oy 10 iyunda boshlanib, qariyb ikki hafta davom etgan qirg’in natijasida 100 ming o’zbek qo’shni O’zbekistonga qochgan edi. Yana 300 ming odam uy-joyini tashlab chiqqan, biroq vatanda qolgan.

Qochqinlar O’zbekistonning Andijon va Namangan shaharlarida o’nlab kichik lagerlarda joylashgan edi. Boshqalar qarindosh-urug’nikida panoh topgan. So’nggi ikki-uch kunda 70 ming odam vatanga qaytgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG