Qirg'izistonda oktabr oyidagi parlament saylovlarida g’olib chiqqan besh partiyadan uchtasi koalitsion hukumat tuzmoqda. Eng ko’p ovoz olgan “Ota-Yurt” partiyasi bu ittifoqqa kirmagan.
Almazbek Atambayev rahbar "Sotsial-demokratlar" partiyasi “Ota-Makon" va saylovlarda beshinchi o'rinni olgan "Respublika" partiyasi bilan ittifoq tuzishga muvaffaq bo’lgan.
Muvaqqat hukumatda Roza Otunbayevaning birinchi o'rinbosari lavozimida ishlagan Atambayev yangi hukumatda bosh vazirlikka da'vogar.
Siyosatshunos Arap Anarbayev yo’qdan ko’ra bor, deydi. “Hukumat bo’lmasa, stabillik bo’lmaydi. Hozirgi koalitsiyani qo’llab-quvvatlayman. Eski siyosatga qarshi chiqqan "Ota-Makon" va "Sotsial-demokratlar" partiyalari hokimiyatga kelgani to’g’ri qaror bo’ldi”, - deydi u.
Koalitsiyaga kirgan partiyalarning pozitsiyalari umuman o’xshash, lekin keskin farqlar ham yo’q emas. Xo’sh, yangi hukumat qanday siyosat olib boradi? Tahlilchi Ahmadjod Muhammadjonov respublika oldingi vaziyatga qaytayotgandek, deydi.
“Sababi Atambayev ham, Tekebayev ham, Babanov ham hozir qaysi lavozimga tayinlanayotgan bo’lsa, oldin ham shu kursida o’tirgan. Bir narsani aytish kerak, faqat Respublika partiyasining yetakchisi Umurbek Babanov o’z ishida iqtisodiy masalalarga asosiy e’tibor qaratishini ochiq-oydin aytdib o’tdi. Shu nuqtayi nazardan, iqtisodiy sohada real islohotlar amalga oshishi kutilmoqda. Har holda odamlar mana shu umidlar bilan sayladi ularni”, - deydi Muhammadjonov.
120 deputatdan iborat Qirg’iziston parlamentiga besh partiya vakillari kirgan.
Aytish joiz, parlamentda koalitsiya kuchli tanqid bilan yuzlashishi mumkin. Saylovda birinchi va uchinchi o’rinlarni olgan "Ota-Yurt" va "Or-Nomus" partiyalari o’z mavqe, nuqtayi nazariga ega.
Tashqi siyosat borasida koalitsiyada yakdillik bo’lmasligi ehtimoldan xoli emas. Masalan, sotsial-demokratlar va respublikachilar Kremlga yaqinlgi bilan tanilgan va saylovdan so’ng Rossiya siyosatchilari bilan bir necha bor muzokara o’tkazgan.
"Ota-Makon" partiyasi g’arbga xayrixoh deya ko’riladi. Tashqi siyosatda hukmron koalitsiyadan nima kutish mumkin? degan savolgan tahlilchi Arap Anarbayev javobi shuki:
“Hozir har xil fikrlar yangramoqda. G’arbchi deydi, rusga moyil deydi. Bularning bari taxminlar. Katta bir mamlakat boshqasiga qaram bo’lib, nima desangiz shu deyishi to’g’ri emas. Iloji boricha yirik davlatlar, qo’shni yurtlar bilan teng muomala qilish lozim. Siyosatda har bir o’lkaning o’zining qiziqishlari bor. O’sha momentda bir davlat manfaatlari o’xshash kelsa, shu yo’lni tutish kerak”, - deydi professor Anarbayev.
Tahlilchi Ahmadjon Mahamadjonov avvalo real vaziyatni inobatga olish kerak, deydi.
“Yangi hukumat ham mintaqaviy, ham global ko’lamda shunday yo’l tutgani ma’qul. Bu yerda ambitsiyalarga berilish noo’rin. Real ahvoldan kelib chiqqan holda ayrim ambitsiyalardan voz kechishga to’g’ri keladi. G’arbparastlik bilan rossiyaparastlik o’rtasidagi ziddiyatni iloji boricha chetga surish kerak. Murosa yo’lini tutgan eng ma’qul siyosat. Shundagina Qirg’iziston xalqaro maydonda o’zining munosib o’rnini topishi mumkin” , - deydi tahlilchi.