Breaking News

Qirg'izistonliklar korrupsiya kuchayganidan norozi


O'sh, Qirg'iziston
O'sh, Qirg'iziston

Xalqaro tashkilotlarning korrupsiya bo’yicha hisobotlarida Qirg’iziston har safar yuqoridan o’rin egallab keladi. Qirg’iz rasmiylari, ayniqsa, huquq-tartibot tizimlari, soliq va bojxona xizmatlarida korrupsuya keng tarqalganini tan oladi.

Mustaqillik yillari davomida tibbiyot, bilim-ta’lim sohalarida ham poraxo’rlik odatiy holga aylangani qayd qilinmoqda.

Mamlakat parlamenti hamda hukumat bu holatga qarshi qator chora-tadbirlar e’lon qilgan. So’nggi yillarda bir necha yirik amaldor javobgarlikka tortilgan.

Qirg’izistonda korrupsiya qanday ko’rinishlarda namoyon bo’lmoqda? Nega davlat chora-tadbirlari yetarli natija bermayapti? “Amerika ovozi” mahalliy aholi vakillari hamda mutaxassislarni shu mavzuda suhbatga tortdi.

Aksar oddiy odamlar nazarida Qirg’izistonda korrupsiya borasida so’z ko’p bo’lsa-da, ijobiy siljish ko’zga tashlanmaydi. Poraxo’rlik o’lka hayotining turli jabhalarini qamrab olgan.

“Poraxo’rlik har qadamda uchraydi. Bemor shifokorga, yaxshi qarasin, deb pul beradi. Hatto maktabga kirish uchun ham. Odamlarning o’ziga ham bog’liq - pora bermaslik kerak. Ammo korrupsiya yo’qolmaydigan narsa”, - deydi o’shlik uy bekasi Gulmira.

“Inson dunyoga kelganidan boshlab, to oxiratga ketgunicha poraxo’rlikka duch keladi. Mozorda joy olish uchun ham ba’zan pul beriladi. Qolganini qo’yavering”, - deydi taksi haydovchisi Mahmudjon.

“Mahalliy davlat idoralarida yigirma so’msiz sizga kerakli ma’lumotnoma berishmaydi. Kattalar “korrupsiyaga qarshi u qilayapmiz, bu qilayapmiz” degani bilan, samara yo’q. Bu illatni jilovlash uchun qattiq qonunlar kerak, maoshlarni oshirish darkor, toki xizmatchi o’sha poraga uchmasin”, - deydi Arstan ismli tijoratchi yigit.

Taniqli davlat arbobi, Qirg’iziston parlamentining sobiq deputati Baxtiyor Fattohovning aytishicha, korrupsiya sovet zamonida ham bo’lgan. Unincha, mustaqillik yillari Qirg’izistonda ushbu ko’rinishning avj olishi sabablaridan biri - shahar-tumanlarda mavjud bo’lgan xalq nazorati qomitalarining yo’qotilishidir.

“Ne bo’lsa-da, o’z paytida xalq nazoratidan amaldorlar ancha cho’chishar edi”, - deydi arbob.

Aytish joizki, Qirg’iziston markaziy hokimiyati korrupsiyaga qarshi qator chora-tadbirlar ishlab chiqqan. Tegishli qonunlar qabul qilingan, jamoatchilik kengashlari tuzilgan, qator davlat idoralarida maxsus xodim ish olib boradi.

Shunga qaramay, joylarda, aynan aholining kundalik masala-muammolari yechiladigan idoralarda muammo chuqur ildiz otgan.

“Gap zikr qilingan kengashlar va xodimlar yaxshi ishlamayotganida. Qolaversa, markazda tashkil qilingan antikorrupsion qo'mita keyinchalik yopilib ketdi”, - deydi Baxtiyor Fattohov.

Uningcha, oshkoralik, har bir iste’molchining davlat idoralari ko’rsatishi lozim bo'lgan xizmatlardan xabardor bo’lishi korrupsiyaga jiddiy to’siq qo’yadi.

Mutaxassislar fikricha, jamoatchilik vakillaridan iborat kengashlar davlat idoralari faoliyatini nazorat qilish imkoniyatidan foydalana olmayapti.

Baxtiyor Fattohov ushbu kengashlar tarkibini qayta ko’rib chiqish, mazkur uyushmalarga mas’uliyatli, tashabbuskor, bilimdon shaxslarni jalb qilish tarafdori.

Uning aytishicha, shu kunlarda o'tayotgan mahalliy hokimiyat tizimlariga saylovlarda ham odamlar xalq g'amida yashaydigan, inson huquqlarini himoya qiladigan nomzodlarga ovoz bersalar, adolatli ish bo’ladi.

“Xalq o’z nazoratini kuchaytirmaguncha, poraxo’rlik barham topmaydi… Maqsad besh-olti yirik amaldorni qo’lga olish va qamoqqa solish emas, asosiy masala - illatning oldini olish, uning ildizini quritish. Buning uchun jamiyatni uyg’otmoq, uning huquqiy savodxonligini, mas’uliyatini ko’tarmoq kerak”, - deydi Qirg’izistonda taniqli davlat arbobi, sobiq parlament a’zosi Baxtiyor Fattohov.

XS
SM
MD
LG