Qirg’iziston mintaqaviy Boj ittifoqiga kirishga qaror qilgan. Bu haqda kuni-kecha Bosh vazir Almazbek Atambayev ma’lum qildi.
Mazkur ittifoq ikki yil muqaddam tashkil topgan bo’lib, unga Rossiya, Belarus va Qozog’iston a’zo.
“Ittifoqqa kirsak yaxshi bo’lar edi”, - mana bu o’shlik.
“Rossiya boj to’lovlarini ko’targandan so’ng bizda yonilg’i mahsulotlari qimmatlab ketdi. Benzinning narxi 1 dollarga yetib qoldi. Yo’lkira oshgan. Ittifoqqa kirsak, narxlar ham pasayadi. Aholiga qancha arzon bo’lsa, shuncha yaxshi-da”, - deydi u.
“Ittifoq a’zolari hamdo’stlik hududida iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan davlatlar. Bizga ma’lum darajada yordam berishadi. Ammo Rossiya, Belarus va Qozog’iston qandaydir ma’noda iqtisodiy bosim o’tkazishga harakat qiladi”, - deb hisoblaydi yana bir o’shlik.
Bosh vazir Atambayevning aytishicha, Boj ittifoqiga a’zolik o’lka uchun muhim, chunki qo’shni davlatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni jonlantirish lozim.
“Ayrimlar tashkilotga kirishning yomon tomonlari ko’p deb hisoblaydi. Ammo kirmasak, salbiy ko’rinishlar yanada ko’payadi”, - deya tushuntiradi vazir.
Bishkeklik tahlilchi Leonid Bondarets bu fikrga qo’shiladi.
“Tiyib turuvchi omil Qirg’izistonning Jahon Savdo Tashkilotiga a’zoligi. Ammo Rossiya, Belarus va Qozog’istonning o’zlari ham bu tashkilotga kirmoqchiligini hisobga olsak, bu katta to’siq bo’lmaydi. Qolaversa, Boj ittifoqining hozirgi a’zolari Qirg’iziston va Tojikistonning ushbu tashkilotga kirishiga qarshi emas”, -deydi u.
Mutaxassislar sobiq sovet ittifoqi hududida yagona iqtisodiy zona hosil bo’lishi Qirg’iziston uchun foydadan xoli emas deb hisoblaydi.
“Biz elektr quvvati yoki yerosti boyliklarimizi taklif qilamiz”, - deydi tahlilchi Leonid Bondarets.
O’shlik yosh olim, iqtisod fanlari nomzodi Alisher Yusupov ayrim salbiy oqibatlarni tilga oladi.
“Tashkilotda eksportchi davlatlarga ko’proq imtiyozlar berilgan. Biz esa mollarni asosan tashqaridan olamiz. Shu bois Boj ittifoqiga a’zolik ko’proq salbiy ko’rinishlarga olib keladi, deb o’ylayman. Biz faqat ittifoqda ishlab chiqarilayotgan va Qirg’izistonga uzatiladigan neft mahsulotlaridan yutishimiz mumkin. Boshqa iqtisodiy sohalarda yirik yutuqlarga erisha olmaymiz", - deydi iqtisodchi.
"Rossiya bilan strategik do’stlarmiz deb aytamiz. Savol tug’iladi – Qrg’iziston o’zi qo’shilmoqchimi yoki uni boshqa kuchlar majbur qilayaptimi? Sababi bizning o’lka geografik nazardan markazda joylashgan. Shu narsadan ayrim davlatlar foyda ko’ramiz degan niyatlari bormikin?” - deydi suhbatdosh.
Keyingi yillarda Qirg’iziston ko’proq qo’shni Xitoy mollarini sotish bilan foyda topib kelaadi.
Iqtisodchilar mahsulotni import qilishdan, mahalliy sharoitda ishlab chiqariga o’tish kerak, deb hisoblaydi.
“Oxirgi yillarda bizning o’lkada Xitoy mollari qayta eksporti ham kamayib ketdi. Sababi qo’shni davlatlar o’zlari Xitoydan tovar tashib kelmoqda. Bizning eng yirik Qorasuv va Dordoy bozorlarimiz kasod", - deydi olim Alisher Yusupov.
So’nggi bir necha yilda Xitoy Qozog’iston bilan iqtisodiy munosabatlarini ancha rivojlantirdi.
"Qozog’iston o’z navbatida 30-40 million dollar sarflab Xitoy mollarining Rosiya va Yevropaga qayta eksportini o’zi amalga oshirmoqchi. Bu amalga oshsa, Qirg’iziston oraqli Xitoy mollarining o’tishi umuman to’xtab qoladi. Shu bois hozirdan biz o’z ishlab chiqarish sanoatimizni qayta rivojlantirishimiz kerak. Afsuski, Qirg’izistonda ishlab chiqarilgan mollarning hajmi yildan yilga kamaymoqda. Sanoatni tiklash uchun yirik sarmoyalar darkor”, - deydi yosh olim Alisher Yusupov.
Rasmiy Bishkek ham, mutaxassislar ham Boj ittifoqiga kirishda o’ylab qadam tashlash zarurligini aytadi. Jarayon uzoq davom etishi, vaziyat va talablar hali o’zgarishi ehtimoldan xoli emas.