Breaking News

Qirg’iziston: Millatlararo totuvlik bo'yicha yangi dastur


Qirg’izistonda xalqning birdamligi hamda millatlararo munosabatlarni mustahkamlash borasida yangi konsepsiya tayyorlanmoqda. Ushbu dasturni ishlab chiqishda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) ko’mak ko’rsatayotir.

Qirg'iziston: Totuvlik oiladan, bolalar bog’chasidan boshlanadi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:33 0:00

Yaqinda mazkur tashkilotning Milliy ozchiliklarning ishlari bo’yicha Oliy komissariLamberto Zanyerning (Lamberto Zannier) Bishkekka safari chog’ida hamkorlikda amalga oshirilayotgan qator loyihalar hamda istiqbolli rejalar haqida so’z bordi.

“Amerika Ovozi” mahalliy o'z-o’zini bashqaruv hamda millatlararo munosabatlar bo’yicha Davlat agentligining boshlig’i Baxtiyor Soliyev bilan suhbatda bo’ldi.

“2013-yilda qabul qilingan birinchi konsepsiya to’rt yilga mo’ljallangan edi. Unda ko’zda tutilgan tadbirlar asosan amalga oshirildi. Endi yangi konsepsiya ustida ish ketmoqda. Loyiha yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qo'yiladi”, - deydi suhbatdosh.

Uning aytishicha, avvalgi konsepsiya doirasida amalga oshirilgan tadbirlar xalqaro tashkilotning mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi.

YXHTning Milliy ozchiliklar ishlari bo’yicha oliy komissari yangi konsepsiyaning asosiy yo'nalishlariga to'xtalar ekan, ushbu dasturning moliya manbalarini aniqlab olishni taklif qildi. Loyihaga qator davlat idoralari hissa qo'shishi kutilmoqda.

Avvalgi konsepsiya doirasida amaliy ishlar o'z samarasini bergan. Jumladan, 20 shahar va tumanda millatlararo munosabatlar masalalari bo’yicha jamoatchilik qabulxonalari tashkil qilingan. Joylarda, shuningdek, jamoatchilik kengashlari ish olib borayapti.Ushbu kengashlarda turli qatlamlarning vakillari kirgan. Zikr qilingan agentlik qoshida monitoring guruhi tuzilgan.

Ushbu uyushmalar aholining ahilligini, birdamligini ta’minlash, har xil muammolarni yechish yo’lida to'rt mingga yaqin tadbir o'tkazgan. Interaktiv xaritalar qayerda, qay masalada tortishuv chiqishi ehtimolini ko’zda tutib, tezkor profilaktik ishlar otkazish imkonini beradi. Rasmiylarga ko’ra, davlat hamda jamoatchilik tashkilotlari o’tkazayotgan chora-tadbirlar, o’zaro totuvlikning ildiz otishi oqibatida noxush ko'rinishlar keskin ozaydi.

Ataylik, 2013-yili milliy his-tuyg’uga doir 39 jinoiy ish sodir etilgan bo’lsa, 2017-yili 9 fakt qayd etildi.

“Albatta hali qilinadigan ishlar ko'p. Asosiy yutug’imiz - mamlakatimizda tinchlik, xotirjamlik, totuvlik hukm surmoqda. Qirg’iziston xalqi o’tgan kunlardan saboq chiqarib, do’stlik, birdamlik rishtalarini mustahkamlamoqda. Qo'shni o’lkalar, O’zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston bilan do’stona aloqalarning tez sur’atlarda rivojlanishi xalqlarimizga yangi umidlar, yangi kuch-quvvat bag’ishlamoqda”, - deydi Baxtiyor Soliyev.

Uningcha, do’stlik, bag’rikenglik, totuvlik oiladan, bolalar bog’chasidan, maktabdan boshlanadi. Aynan ushbu o’choqlar diqqat markazida bo’lmog’i lozim.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG