Breaking News

AQSh diplomati Bishkekda rasmiylar bilan muloqot qilgan


AQSh Davlat kotibi muovini Erik Shvars bugun Bishkekda qirg'iz rasmiylari bilan uchrashib, janubda boshpanasiz aholi va qirg'in jabrdiydalariga yordam berish haqida gaplashgan. Kecha diplomat Toshkentda bo'lib, O'zbekiston hukumati a'zolari bilan ham shu masalada fikr almashgan edi.

Shvarsning aytishicha, Obama ma'muriyati xalqaro tashkilotlar, qo'shni davlatlar, Yevropa hamjamiyati va Rossiya bilan hamkorlikda O'sh va Jalolobodda aholi hayotini tiklash, barqarorlikni ta'minlash va etnik to'qnashuvlarning oldini olish uchun choralar ko'rishga, ko'p tomonlama ko'mak ko'rsatishga tayyor.

Erik Shvars muvaqqat hukumat vakillari bilan muloqotida o'zbeklarga atalgan yordam aynan ularga yetib borishi kerak deya uqtirgan. Chunki xorijdan kelgan mahsulotlar qirg'izlar orasida bo'lib olinmoqda, sotilmoqda, o'g'irlanmoqda degan da'volar kuchli.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, hozirgacha janubiy Qirg’izistonga uch ming tonnadan ziyod insonparvarlik yordami kelgan.

Hukumat ushbu yordamni taqsimlash yaxshi yo’lga qo’yilganini ta’kidlamoqda. Ayni paytda yirik xalqaro tashkilotlar ko’makni mahalliy ko’ngillilarga tayangan holda tarqatmoqda.

Buyuk Britaniyadagi “Bolalarni asrang” tashkiloti vakili Anna Ford yordam berish ko’lamini kengaytirish uchun yangi xodimlar ishga olinmoqda deydi.

“Tashkilotimiz hozirgacha O’shda jabr ko’rgan ikki mingga yaqin oilaga yordam ko’rsatdi. Insonparvarlik yordamini tarqatishda muammolar tug’ilgani yo’q. Hozir xodimlarimiz safini kengaytiryapmiz. Bu yordamning kerakli joylarga o’z vaqtida yetib borishini ta’minlaydi”.

O’sh shahar kasalxonalari etnik nizolar qurboni bo’lgan yaradorlar bilan to’la.

“Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti bemorlarga tibbiy ko’mak ko’rsatish bilan band. Tashkilot shifokorlaridan birining aytishicha, yaradorlar davlat shifoxonalariga ham ishonmay qo’ygan.

“O’zbek millatiga mansub bemorlar davlat shifoxonalariga borishni istashmayapti. Biz og’ir yaralangan kasallarni o’zlari ishongan shifoxonalarga yotqizishga harakat qilyapmiz”.

“Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti bu yerda bir haftadan beri ish olib bormoqda. Hozircha missiya uch oy muddatga belgilangan, lekin agar lozim bo’lsa, yana olti oyga uzaytiriladi.

Boshqa xalqaro tashkilotlar ham etnik nizo to’la bartaraf bo’lib, hududda hayot yana o’z iziga tushguncha Qirg’izistonda faoliyat olib borishga tayyor ekanini ta’kidlamoqda.

XS
SM
MD
LG