Breaking News

Qirg'iziston-Eron aloqalari kuchaymoqda


Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy (chapda) Qirg'iziston rahbari Almazbek Atambayev bilan, Tehron, Eron, 5-sentabr, 2015-yil.
Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy (chapda) Qirg'iziston rahbari Almazbek Atambayev bilan, Tehron, Eron, 5-sentabr, 2015-yil.

So’ngi yillarda Qirg’iziston hamda Eron aloqalari tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. O’z paytida ayrim siyosatchilar buni Bishkek yaqinidagi AQSh harbiy bazasining yopilishi bilan izohlagan edi.

Aslida Eron hamda Markaziy Osiyo davlatlarini bog’lovchi rishtalar chuqur tarix hamda mustahkam poydevorga ega, deydi mutaxassislar.

Qirg’iziston – Eron do’stlik jamiyatining mas’ul kotibi, bishkeklik tarixchi va sharqshunos Begijon Ahmedov bilan shu mavzuda suhbatlashdik.

“Avvalgi yillarda, asosan, savdo-sotiq, madaniy-ma’rifiy rishtalar ko’zga tashlangan bo’lsa, hozirda ko’proq iqtisodiy aloqalar haqida so’z ketmoqda. Ma’lumki, Eronda neft-gaz sanoati, ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlari taraqqiy etgan. Eron mahsulotlari sifatli, nisbatan arzon. O’z navbatida hamkorlar Qirg’izistonda yetishtirilayotgan ekologik jihatdan toza qishloq xo’jaligi tovarlari, xususan, chorva mollariga qiziqish bildirmoqda”, - deydi suhbatdosh.

Eronning amaldagi Prezidenti Hasan Ruhoniy o'zining ushbu lavozimdagi birinchi safarini Qirg'izistonga qilgan. Bishkek buni mamnunlik bilan qabul qildi.

“Asrlar davomida Eron va Markaziy Osiyo bir davlat yoki yaqin davlatlar tasarrufida, bir din, bir madaniyat doirasida bo’lgan. Fors tili hozirgi ingliz tili kabi umumiy til vazifasini bajargan. Tariximiz, madaniyatimiz, adabiyotimiz, she’riyatimizga Eronning, fors madaniyatining ta’siri kuchli”, - deydi Begijon Ahmedov.

Suhbatdosh ta’biricha, hozirgi davrda Markaziy Osiyo davlatlarining aksarida fors va arab tillariga e’tibor yo’qolgani bois ushbu mamlakatlar aholisi ulkan adabiy-madaniy merosdan deyarli mahrum.

Kuzatuvchilarning aytishicha, ayrim kuchlar har-xil tahlika-xavotirlar, mazhabiy farqlarni bo’rttirib ko’rsatib, Eron hamda Markaziy Osiyo o’lkalari aloqalariga putur etkazishga urinmoqda.

Hozirda Eronning Markaziy Osiyo o’lkalarida ta’siri, ayniqsa, Tojikistonda yaqqol ko’zga tashlanadi. Bu mamlakatda Eron tomoni yirik suv-elektr stansiyasini barpo etgan, iqtisodiyotning turli tarmoqlariga katta sarmoyalar kiritib kelmoqda.

Begijon Ahmedovning aytishicha, Qirg’izistonda fors shoirlarining asarlari ko’plab tarjima qilinmoqda. O’z navbatida Eron kitob do’konlarida qirg’iz adabiyoti na’munalarini uchratish mumkin. Yaqinga ulkan qirg’iz eposi “Manas” fors tilida nashr etilishi kutilmoqda.

“Bu do’stlik rishtalarini mustahkamlash yo’lida yana bir qadam bo’ladi”, deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG