Breaking News

Qirg’izistonda maktabdan masjid ko’p: xavotirga o’rin bormi?


Qirg'izistondagi "Sulaymon tog'" masjidi
Qirg'izistondagi "Sulaymon tog'" masjidi

Mustaqillik yillari mobaynida Qirg’izistonda masjidlar soni yuz baravar o’sgan. Hozir o’lkada ularning 2600 tasi ro'yxatdan o'tkazilgan. Bolalar o'quv maktablari soni esa mingtaga kam.

Bu raqamlar mamlakat parlamentining Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik bo’yicha qo’mitasining majlisida keltirildi.

Aytish joizki, keyingi yillarda Qirg’iziston jamiyatining ayrim qatlamlari, shuningdek, tahlilchilar orasida diniy muassasalar soni tez o’sib borayotganidan tashvish ko’zga tashlanmoqda. Xavotirga o'rin bormi?

“Amerika Ovozi” shu mavzuda mahalliy mutahassislar, dinshunos hamda siyosatshunoslar mulohazalariga quloq tutdi.

Taniqli siyosatshunos va dinshunos O’rozbek Moldaliyev keyingi yillarda Din ishlari bo’yicha davlat komissiyasiga boshchilik qilgan. Hozirda tadqiqot ishlari bilan mashg’ul.

Ushbu arbob fikricha, masjidlar hamda maktablar sonini solishtirish va shu asosda biron tashvishli xulosa chiqarish nojoiz.

“Birinchidan, mamlakatda hozirgacha ibodatxonalar yo’q ovullar ham mavjud. Aksincha, masjidlar juda ko’p shahar-qishloqlar ham bor. Masjidlarni mahalliy aholi o’z ehtiyojiga qarab sarmoyadorlar ko’magida barpo etadi. Maktablar esa davlat va qisman xususiy doiralar tasarrufida. Qolaversa, sarmoyador mablag’ni aynan ibodatxona qurilishi uchun ajratgan bo’lsa, bu uning irodasi va qonuniy huquqi”, - deydi O’rozbek Moldaliyev.

Suhbatdoshning aytishicha, so’nggi uch yil davomida tegishli davlat idoralari ibodatxonalarni xatlash ishlarini tartibga soldi va nazardan chetda bo’lgan ko’plab namozxonalar qayddan o’tdi.

Moldaliyev o’lkada masjidlar tobora ko’payib borishiga doir tashvishlarga qo’shilmaydi.

“Masjid bor yerda imom bor. Ibodatxonalar faqat yaxshilikka undaydi. Men biron noma’qul ish yuz bergan masjidni bilmayman”, - deydi u.

Ushbu mutahassisga ko'ra, agar u yoki bu ibodatxona yoda diniy o’quv muassasasi faoliyatiga nisbatan e’tiroz bo’lsa, tegishli idoralar odatdagi tartibda ko’rib chiqishi mumkin. Lekin bu keng xulosa uchun asos emas.

Keyingi yillarda Qirg’iziston hukumati ibodatxonalar qurilishiga nisbatan talablarni kuchaytirgan.

“Birinchidan, masjid binolari o’sha qishloq yoki shaharning ko’rki bo’lsin, barcha qulayliklarga ega bo’lsin: issiq-sovuq suv, issiq pol, toza havo, deganday. Tegishli idoralarga uch hil masjid binolari loyihalarini ishlab chiqishni taklif qildik”, - deydi O’rozbek Moldaliyev.

Jalolobod shahridagi “Islom ta’lim markazi” atalmish nodavlat tashkilot rahbari, taniqli ulamo Dilmurod O’rozov masjidlar sonining oshishini ehtiyoj bilan bog'laydi.

“O’tgan asrning 90-yillariga solishtirsa aholining, namozxon birodarlarning soni keskin oshdi, xalqning turmush farovonligi ko’tarildi. Demakki, ma’naviy qadriyatlarga talab ham. Mol-mulkini ibodatxona qurilishiga sarflayman, degan odamlar oz emas. Qolaversa, chetdagi musulmon mamlakatlari bu o’rinda yordam qo’lini cho’zyapti”, - deydi u.

Qirg’izistonda yo’l, turar-joy binolari, har-xil korxonalar qurilishi keng avj olganini ta’kidlar ekan, ulamo ibodatxonalar barpo etishda aholi ko’rsatayotgan shijoat-u g’ayratni tabiiy va quvonarli hol, deya ta’riflaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG