Yangi yilni qarshi olar ekanmiz, har birimiz o’tgan yilni sarhisob qilamiz, kelajakka orzu-umidlar bog’laymiz. Yakun topayotgan 12 oy qanday voqea-jarayonlar bilan qirg’izistonliklar yodidan joy oldi? Xo’roz yilidan xalq nimalar kutayapti?
“Amerika Ovozi” mahalliy aholi vakillari, turli soha arboblari bilan suhbatda bo’ldi.
Qirg’iziston xalq artisti Oytoji Shabdonova o’lkada 2016-yil Tarix va Madaniyat yili, deya atalib, bu o’rinda ko’p mazmunli chora-tadbirlar amalga oshirilganini ta’kidlaydi.
Ushbu yil doirasida Oytoji Shabdonova xizmat qilayotgan O’sh O’zbek akademik drama teatri jamoasi sahnaga olib chiqqan “Ona yuragi” hamda “Oyko’l Manas” spektakllari tomoshabinlar olqishlariga sazovor bo’lsi. “Ona yuragi” spektaklida xalq atristi bosh rolni ijro etgan.
“Asarda davrimizning jiddiy muammolaridan biri - har-xil va’da-chaqiriqlarga uchib, Suriyaga yo’l olgan yigit-qizlar haqida hikoya qilinadi, spektakl ogohlikka undaydi”, - deydi suhbatdosh.
Yilning eng muhim voqea-jarayonlari qatorida Oytoji Shabdonova so’nggi yillarda sovuqlashib ketgan Qirg’iziston - O’zbekiston munosabatlari izga tusha boshlaganini aytadi.
“2017-yilda bu jarayon rivoj topib, chegaralar ochilib, bordi-keldi ko’payishini kutamiz. Bu o’rinda ikki mamlakat rahbarlaridan umidimiz katta”, - deydi san’atkor.
“Ilgari qo’shni respublikalar bo’ylab teatr gastrollari keng tus olgan edi. U tomonlik hamkasblar biz taraflarga kelishardi, xalqning sevimli mehmoni bo’lishar edi. O’sha amaliyot tiklanishiga ishonch paydo bo’layapti. Ijodiy safarlarsiz, o’zaro muloqotsiz ravnaq, o’sish bo’lmaydi”.