Muvaqqat hukumat nima bo’lishidan qat’iy nazar referendum o’z vaqtida o’tkazilishi kerak deb bong urayotgan bo’lsa, xunrezlikdan jabr ko’rgan o’zbeklar nazarida tinchlik qaror topmaguncha siyosiy jarayon haqida o’ylash yo’q.
“Qo’rquv, qurshov holidagi xalq qanday ovoz beradi?” deydi ular.
“Biz referendum bo’lishiga qarshi emasmiz. Lekin vahima, tahlika hali ham bor va odamlar har xil gapiradi. Referendumning natijalari qanday chiqishi noma’lum. Buni hukumat ham tan olmoqda”, - deydi o'shlik bir ziyoli.
“O’zimiz jarayonga hech qanday tayyorgarlik ko’rmayapmiz. Men yashayotgan hududda, asosan o’zbeklar yashaydigan joyda agitatsiya ko’zga tashlanmaydi. Faqat televideniyeda ijobiy natijalar haqida xabarlar berib borilayapti”, - deydi u.
Uning aytishicha, yana hujumlar bo’lishi mumkin degan gap-so'z bor. "Qurshovda yashayotgandaymiz. Kelishmovchilik, janjallar qaynab chiqib kelmoqda”.
“Bizga umid uchqunlari kerak, najot kerak biror joydan”.
“Televideniyeda bunday ziddiyat, elatlararo adovat azaldan bo’lgan deb aytishmoqda. Bu to’g’ri emas. Qirg’iz-o’zbek xalqi tinch yashab kelayotgan edi. Bu gaplar qayta-qayta aytilaverib, bizni qiyin ahvolga solib qo’yishmoqda”, - deydi o'shlik bu suhbatdosh.