Bugun O’shda minglab odam markaziy maydonga chiqib, shahar meri Melis Mirzakmatov ishdan olinmasligini talab qilgan. Lekin namoyishchilarning aksariyati O’sh shahrilik emas, balki viloyatdagi tuman va qishloqlardan kelgan.
Mirzakmatov lavozimidan olindi, u kuchli bosim ostida degan mish-mishlar tarqalgach, uning tarafdorlari ko’chaga chiqib, g’alayonlar avj olgan.
Bugun Bishkekdan Bosh vazir o’rinbosari Azimbek Beknazarov kelib, olomonga murojaat qilgan va mer bilan yonma-yon turib, Mirzakmatovning o’z vasifasida qolishini e’lon qilgan. Unga poytaxtdan boshqa ishlar taklif qilingani, ammo Mirzakmatov ko’nmaganini aytgan.
Odamlarni tinchlantirish uchun shaharga jo'natilgan Oygul Risqulovaga hujum qilingani haqida xabarlar bor.
O’shda aholi shov-shuv va to’polonlardan to’ygan.
Mirzakmatov qirg’iz millatchisi ekanini yashirmaydi. Bugun va kechagi namoyishlar O’sh televideniyesida bevosita, hech qanday sharhsiz yoritilgan.
Ikki xalq o'rtasida ixtilof hali ham ko’zga tashlanadi, ammo Ramazon oyida aholi orasida ahillik va totuvlikka intilish kuzatilmoqda.
Yangi o’quv yili yaqinlashar ekan, O’shda ikki ming o’qituvchiga mojarolar ketidan bolalar bilan qanday ishlash borasida saboq berilgan.
Hukumat barqarorlikka erishish yo’lida o’z tashabbuslarini olg’a surmoqda. Yarash-yarash deya undamoqda, ammo ikki oy oldin qabih jinoyatlarga guvoh bo’lgan, hukumatdan yordam olmagan o’shliklar nazarida bu tadbirlar avloddan-avlodga o’tib kelayotgan xalqlararo ziddiyatni yenga olmaydi.
O’zbek oilalar tahlika ostida yashayotganini aytadi. Yoshlar, xotin-qizlar ko’chaga chiqishdan hayiqib kun kechirmoqda. Fuqarolar o’zini xavfsiz his qila olishi uchun balki yillab ter to’kish kerak bo’ladi, deydi oqsoqollar.
Muxbirimiz Ulug'bek Sokin vaziyatni shunday sharhlaydi:
Bugun O’shning markaziy maydonida norozilik chiqishlari davom etgan. Unda shahar meri Melis Mirzakmatovning besh mingga yaqin tarafdori qatnashgan. Orasida tevarak-atrofdagi tumanlardan kelgan ko’p bo’lgan. Chiqishlarga shahar merining ishdan olingani haqidagi mish-mishlar sabab bo’lgan.Namoyishchilar ichida otliqlar ham ko’zga tashlandi.
“Melis Mirzakmatov haqiqiy shahar meri”, “Roza Otunbayeva ketsin” kabi shiorlar bor edi. Odamlar hokimni qo’llab-quvvatlovchi chiqishlar qilgan. Kunning ikkinchi yarmida maydonga Melis Mirzakmatov va hukumat arboblaridan biri Azimbek Beknazarov kelishgan. To’planganlarning oldida nutq so’zlagan O’sh shahar meri unga Bishkekda har xil lavozimlar taklif qilinganini, ammo u O’shda mer bo’lib qolganini aytgan.
Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, bu rasmiy Bishkekning shahar hokimiga kuchi yetmaganini anglatadi. Hozirda to’planganlar tarqalib ketgan. O’shda vaziyat ma’lum darajada tinchlangan.
Aksariyat o'zbeklar hokim va Bishkek o'rtasidagi tortishuvga aralashmaslikni afzal ko'radi. O'shlik o'zbeklarning ko'pi etnik to'qnashuvlarda aynan Mirzakmatov ham salbiy rol o'ynagan deb hisoblaydi. Iyundagi to'qnashuvlardan oldin ham Mirzakmatov O'shni tozalayman, zamonaviy shahar holiga keltiraman deb aytgan va bu o'zgarishlar amalga osha boshlagan.
Xususan, O'shning markazidagi oshxonalar va boshqa binolar buzila boshlagan, shaharni ko'rkamroq qilish maqsadida. Bu tashabbus o'zbek aholining noroziligiga uchragan. Mirzakmatov o'z chiqishlarida, mana kecha ham "Kommersant" gazetasiga intervyu bergan va unda "darhaqiqat men millatchiman va qirg'izlarning manfaatlarini himoya qilaman" deb aytgan.
Bu orada Ramazon oyida yarashish, tinchlik maqsadida qirg’iz, o’zbek oqsoqollari orasida iftorlar o’tkazilayapti. Tumanlarda, shaharlarda. Kecha O’sh gubernatori Sorimboy Jeyimbekov No’vqat tumaniga borib, shunday tadbirda qatnashgan. Ya’ni iftor oshida. Unda ikki xalq vakillari ham ishtirok etgan.