Qirg'izistonda 4-oktabr kuni o'tgan parlament saylovlarini kuzatgan xalqaro tashkilotlar nazarida jarayon nisbatan erkin va adolatli kechdi. Jarayonni kuzatgan AQSh hukumati ham shu fikrda. Lekin qator muammolar ham qayd etildi. Saylovda qatnashgan 14 partiya orasida Sotsial demokratlar birinchi, "Respublika-Ota Yurt" bloki ikkinchi, "Qirg'iziston" partiyasi uchinchi o'rinni olgan. Yirik partiyalar koalitsiyon hukumat tuzishi kutilmoqda.
Mahalliy kuzatuvchilarga ko’ra, bu safargi saylov mustaqillik yillaridagi eng shaffof va xolis-halol jarayon deyish mumkin. Ko’pchilik fikricha, ovoz berishning biometrik usuli qo’llanishi sabab qo’shib yozishning oldi olingan.
Bugun Bishkekda matbuot anjumanida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) hamda nufuzli inson huquqlari tashkilotlarining kuzatuvchilari tegishli davlat idoralari saylov jarayonini takomillashtirish yo’lida qilgan ishlarni ijobiy baholadi.
“Saylovlarning raqobat va erkin asosda o‘tkazilishi Markaziy Osiyoda shu paytgacha kuzatilmagan, unikal, hodisa bo‘ldi. Soat 20:00 ga qadar hech kim saylov natijalari va bo‘lajak parlament tarkibi haqida bilmadi”, - deydi Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilariga boshchilik qilgan Sanches Amor. (video)
AQSh Davlat departamenti nazarida bu saylov demokratik taraqqiyot deya ta'riflansa arziydi. Qirg'iziston bu yo'ldan chalg'imasligi, faqat oldinga qadam tashlashi kerak, deyiladi Vashington bayonotida.
Markaziy Osiyo davlatlari bo'ylab shu kungacha o'tgan biror saylov bunday yuqori baho olmagan, xususan Qirg'izistonning o'zida kechgan bunday jarayonlar ham.
Shu bilan birga ovozlarni hisoblash paytida yo’l qo’yilgan kamchiliklar ham urg’ulandi. Bir qancha saylovchilar ro’yxatlarga o’z ism-shariflarini topa olmaganlari ham aytildi.
O’shdagi nodavlat tashkilotlardan birining rahbari, partiyalar faoliyati bilan yaxshi tanish Bo’lush Saiyev fikricha, biometrik ma’lumotlar asosida ovoz berish shoshilinch joriy etildi. Oqibatda bunday usulga shubha bilan qaragan va biometrik qayddan o’tmagan ko’plab fuqarolar saylovda qatnashish imkonidan, demakki, o’z konstitutsiyaviy huquqidan mahrum bo’lib qoldi.
Qator saylov uchastkalarida avtomatlashtirilgan yangi texnika pand bergani haqida xabarlar bor.
Bo’lush Saiyev aytishicha, zamonaviy ovoz hisoblash texnologiyasi ham xakerlar hujumidan to’la himoyalanmagani ma’lum bo’lgan. Va bo’lg'usi saylovlar oldidan hukumat bu masalalarni puxta o’ylab ko’rishi va muhofaza choralarini ko’rishi lozim.
Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligi axboroticha, saylov kuni bir necha tumanda siyosiy partiyalar vakillari tomonidan saylovchilar ovozini sotib olish hollari uchragan. "Amerika Ovozi" suhbatlashgan mahalliy aholi vakillari esa bunday hollar saylov arafasi va ovoz berish kuni deyarli barcha hududlarda keng o’rin olganini aytishdi.
Bo’lush Saiyev tahlilicha, siyosiy partiyalar birlashgan holda harakat qildi va bu o'ziga xos o'zgarishdir.
Eslatib o’tamiz, Qirg’iziston oliy qonun chiqaruvchi tizimi bo’lmish Jogorky Keneshda 120 o’rin bo’lib, parlament mandatlari uchun 14 siyosiy partiya kurash olib bordi. Kechagi saylovlarda olti partiya 7 foizli pog’onadan o’tishda muyassar bo’ldi. Hokimiyat partiyasi deyilmish Qirg’iziston Sotsial-demokratlari salkam 28 foiz ovoz bilan birinchi satrni egalladi. Ammo bu aytilgan firqaga mustaqil ravishda hukumat tuzish imkonini bermaydi.
Saylov natijalari rasman tasdiqlangach, mamlakat prezidenti qonun ko’zda tutgan muddatda hukumat tuzishni parlamentdan joy olgan partiyalardan birining fraksiyasiga topshiradi.