Breaking News

Qirg'izistonda prezidentlik uchun kimlar da'vogar?


Qirg'iziston parlamenti
Qirg'iziston parlamenti

Qirg’iziston Bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov prezidentlik saylovida qatnashish uchun o’z lavozimini tark etdi. Mamlakat parlamenti yangi hukumatni tayinlaydi.

Prezident saylovlari joriy yilning 15-oktabriga belgilangan bo’lib, ellikdan ziyod arbob poygada qatnashish niyatini bildirgan. Nomzodlarni ro’yxatga olish 10-sentabrda yakunlanadi.

“Amerika Ovozi” taniqli qirg’iz yozuvchisi, “Umay ona” siyosiy partiyasi yetakchisi Salima Sharipovaning saylovoldi jarayonlari borasidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

Qirg'izistonda prezidentlik uchun nomzodlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:07 0:00

Suhbatdosh nazarida oddiy saylovchilar, odatda, notanish nomzodni sinchiklab o’rganmaydi, unday arboblarga uncha qiziqmaydi. Ko’pchilik ism-shariflari tilga tushgan, ishonch qozonib ulgurgan shaxslarga e’tibor qaratadi.

Saylov yaqinlashib borar ekan, ayrim taniqli nomzodlar hamkorlikda kurashish maqsadida birlasha boshlagan. Masalan, Qirg’izistonning janubiy hududlaridan chiqqan Adahan Madumarov, Qamchibek Tashiyev, Ahmatbek Keldibekovlar yelkama-yelka harakat qilishga ahd etishgan.

“Shunday bo’lsa-da, bu galgi saylovlarda urug’-avlodga, mintaqalarga bo’linish kabi mezonlar jiddiy kuchga ega bo’lolmaydi. Chunki o’sha namoyondalarning davri o’tdi, hisob”, - deydi Salima Sharipova.

Markaziy saylov komissiyasi axboroticha, nomzodlarning 5-6 nafari muqaddam sudlangan, aksari qalloblik uchun. Rasmiylar da'vogarlarni qayddan o’tkazish paytida bu hol inobatga olinishini aytishadi.

“Afsuski, demokratiyani suiiste’mol qilib, biz shunday shaxslarga imkon berayapmiz”, - deydi suhbatdosh.

Uningcha, ko’p yillar BMTning bo’limlaridan birida faoliyat yuritgan siyosatshunos, diplomat Taalatbek Masadiqov, nufuzli oliygoh rahbari Kamilla Sharshekeeva, inson huquqlari himoyachilari To’ktayim Umetaliyeva va Rita Qarasartova kabi yangi, toza nomzodlar - naqadar saviyasi baland bo’lmasin - g’alaba qozonishlari amri-mahol. Chunki ularning ortida yirik guruhlar va sarmoyalar ko’rinmaydi.

Qirg’iziston qonunlari bo’yicha, prezidentlikka nomzodlar davlat tili bo’yicha imtihonlardan o’tishlari lozim. Hozirgacha besh nafar da'vogar ushbu sinovlarda yiqilgan.

“Ona tilini yaxshi bilmagan inson qanday qilib davlat rahbari bo’la oladi? Bu sinovlar arbobning umumiy, madaniy darajasini ko’rsatadi”, - deya ta’riflaydi Salima Sharipova.

Sharipova poraxo’rlikda ayblanib qamoqqa olingan “Ata meken” partiyasining rahbari, ayni paytda prezidentlikka da'vogarlik qilib, davlat tili bo’yicha sinovdan o’tgan Omurbek Tekebayev va uning atrofidagi gap-so’zlar haqida bir kitob yozishni niyat qilganini aytadi. Hozircha bu inson haqida gapirishni istamayman, deydi u.

Saylovlarda ma’muriy resurslarni qo’llashga yo’l qo’ymaslik uchun jamoatchilik uyushmalari tuzish tashabbusini suhbatdosh noo’rin, deb hisoblaydi. Unga ko'ra, mavjud qonunlarga rioya qilinsa bas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG