Qirg’izistonda diniy ulamolar qonli fojiaga sahna bo’lgan janubiy viloyatlarni kezmoqda.
Ular sabr-toqat, ahillik, diniy qadriyatlarni eslatib, xalqlarni yarashishga undamoqda. Lekin bu sa’y-harakatlar natija beradimi, elatlar o’rtasida ishonch tiklanadimi-yo’qmi buni vaqt ko’rsatadi.
Qirg’iziston Musulmonlari diniy idorasi qarori bilan ulamolar respublika janubiga safarga chiqqan. Ular iyun oyida mintaqada ro’y bergan etnik to’qnashuvlar ortidan mahalliy qirg’iz va o’zbek aholini yarashtirishni, totuvlikka chaqirishni maqsad qilgan.
Poytaxtlik din arboblari O’sh viloyati masjidlarida va’z qilgan. Bishkek shahar diniy idorasi boshlig’i Maqsadbek xoji To’xtamushevning aytishicha:
“Ellarni yarashtirish uchun Alloh taollo odamlarga dinni bergan. Qur’on ham, Hadis ham aytadi – barimiz bir otadan tarqalganmiz. Musulmonlar yolg’iz Allohga ibodat qiladi, bir qiblaga qarab namozini o’qiydi. Imom-xatiblar, ulamolar mana shuni eslatib, xalqlarning ko’ngliga yo’l topishi mumkin”.
Din masalalari bo’yicha mutaxassis olim Qodir Malikov anchadan beri Qirg’izistonda xalqlarni yaqinlashtirish yo’lida islom dini alohida ahamiyatga egaligini ta’kidlab keladi.
Ayni paytda bu maqsadda din imkoniyatlaridan yaxshi foydalanilmayapti, deydi u. O’sh viloyati tumanlaridan biri bosh imom xatibi Saidburhon Saidxo’jayev islom yordamida nimalar qilish mumkin degan savolga shunday deydi:
“Asosan juma namozlarida, to’y-ma’rakalarda qo’limizdan kelganicha tushuntirish ishlarini olib borayapmiz. Hamma kelishmovchilik dinsizlikdan kelib chiqadi. Bir masjidda o’zbek-qirg’iz ibodat qilib yuramiz. Mahallalarda aralash yashaymiz. Ularning orasida hech bir adovat chiqqan emas. Ilgari qanday bo’lsa, hozir ham shunday. Jamoatga namoz o’qib, to’y marosimlarida qatnashayapmiz. Madrasalarni kuchaytirishimiz kerak. Ilmli yoshlardan, Allohni tanigan odamlardan foydalanib, jamoaga o’rgatishimiz kerak. Ilmlilar qancha ko’paysa, har bir musulmon odamning qalbiga haqiqiy iymon tushar ekan, ana shundagina bu yomon ishlarning oldi olinadi”.
Maqsadbek xoji To’xtamushev ham har bir odamni da’vat qilish, tushuntirish ishlarini yurgizish kerak, deydi.
“Bir-birimizni duo qilaylik. Bir yurtdamiz, bir masjidga boramiz. Respublika miqyosida din ahli o’rtasida diskussiya, dialog bo’lib tursa, hammasi tinchib ketadi”.
Ulamolarning aytishicha, janubdagi xunrezlikning asosiy sabablaridan biri odamlarning dindan, iymondan uzoqlashganidir.
Qizig’i shuki, ko’pgina janublik da’vatchilar ona yurtda Alloh so’zini tarqatish o’rniga, eng og’ir damlarda xorijda faoliyat ko’rsatib yurgan, deydi ayrimlar. Qishloq hukumatlaridan biri boshlig’i Ma’murjon Holiqov ham shu fikrda.
“To’polon kunlari qayerda edi dindonlar? Endi hammasi tinchigan paytda ko’tarib chiqish qoldi, to’g’rimi? Oldinroq harakatini qilish kerak edi. Aktivroq bo’lish kerak edi”.
Holbuki, mahalliy kuzatuvchilar fikricha, Qirg’izistonda targ’ibot-tashviqot, ma’rifat masalalarida islom dini arboblari imkoniyatlari bir qadar cheklangan. Jumladan, siyosatchilardan farqli o’laroq ommaviy axborot vositalarida din ahliga yetarli o’rin berilmaydi, deydi ular.